 
	   
Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi 2025-yil 28-avgustdagi 1-sonli universitet Ilmiy Kengashi qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, u psixologiya, sotsiologiya va ijtimoiy ish mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiruvchi muhim akademik bo‘linma hisoblanadi.
Kafedra qoshida bakalavr darajasini beruvchi 60310300 – Psixologiya, 60310400 – Sotsiologiya, 60920100 – Ijtimoiy ish mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim tizimida hamda  Psixologiya, Ijtimoiy ish mutaxassisliklari bo‘yicha masovafiy ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, magistr darajasini beruvchi 70310301 – Psixologiya, 70920101 – Ijtimoiy ish mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta‘lim tizimida hamda  masovafiy ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi.
Hozirda kafedrada 30 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi.
Jumladan, kafedrada 3 nafar professor, fan doktori (DSc), 13 nafar fan nomzodi va fanlar yuzasidan falsafa doktoriklari (PhD) hamda dotsentlar, 14 nafar katta o‘qituvchi va o‘qituvchilar ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishmoqda. Kafedra ilmiy salohiyati – 53,3 foizni tashkil etadi.
Kafedra mudiri – psixologiya fanlari nomzodi PhD, dotsent Aslonov Ilhom Nizomovich.

Kafedra o‘z faoliyatida psixologiya, sotsiologiya, ijtimoiy ish fanlarni chuqur o‘rgatish, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha raqobatbardosh mutaxassislarni yetishtirib chiqarish maqsadini qo‘ygan. Talabalarda shaxsiy va ijtimoiy – ma‘naviy ongni, ruhiy barqarorlik, insonparvarlik va tolerantlik qadriyatlarini shakllantirishga alohida ahamiyat beriladi.
Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi qoshida Psixologik Xizmatlar Markazi tashkil etilgan. Markaz shiori: "Qalb islohoti bilan yangi hayot sari!"
Hozirgi kunda, zamonaviy inson ruhiy sog‘lomligi, ichki barqarorlik va ong yengilligi qadriyati yuksak ahamiyat kasb etgan bir davrda, Psixologik xizmatlar markazi jamiyat hayotiga teran psixologik bilim va tajriba olib kirishni maqsad qilgan va shu orqali jamiyatdagi ruhiy muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan markazlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Bu maskan – nafaqat professional yondashuv, balki samimiy muloqot, ishonch va ruhiy yengillik makoni. Markaz faoliyati har bir talaba va o‘qituvchi qalbiga yetib borish, ularning ichki salohiyatini uyg‘otish hamda hayot sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Markaz yo‘nalishlari:  Treninglar, korporativ treninglar, psixologik konsultatsiyalar,  psixologik diagnostika.

Kafedraning ustuvor vazifalari:
- - Kafedraning ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar tashkil etish hamda ilmiy, tahliliy ommabop nashrlarda maqolalar bilan qatnashish;
- - Ilmiy-tadqiqot va texnik ishlarni olib borish, ilmiy jamoada kasbiy masalalarni hal etish, axborot-resurslar bilan ishlash, ilmiy ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, shuningdek, ilg‘or ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish.
- - Ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy markazlarda sotsiologik, psixologik mavzularga oid tadqiqotlarda ishtirok etish, ilmiy markazlarda eksperimental tadqiqotlar o‘tkazish, ularning natijalarini tahlil qilish, baholash va kasbiy faoliyat turlarini bajarish;
- - Psixologik va sotsiologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyihaviy va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish, yo‘nalishiga mos mavzulardagi loyihalar, manbalar, adabiyotlar, elektron video va audio maxsulotlarni ekspertiza qilish;
- - Internet tarmog‘i orqali zamonaviy ilmiy yutuqlarni izlash, mavzuga oid ma’lumotlarni tizimli tahlil qilish va ulardan ilmiy ishlanmalar yaratishda foydalanish.
- - Psixologiya va sotsiologiya faniga oid tadqiqotlar bo‘yicha xorijiy va mahalliy oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik qilish, xalqaro tajribalarni uyg‘unlashtirish, ilmiy-tadqiqot natijalari asosida amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
- - Kasbiy faoliyatda ijtimoiy sohaning zamonaviy yondashuvlari va metodlarini ishlab chiqish, ularni ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish jamoalari hamkorligida hal qilish.

Kafedra ilmiy – pedagogik faoliyat bo‘yicha quyidagi xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi:
- 1. QS dunyo universitetlari reytingida 801+ o‘rinda turuvchi Qozog‘iston Respublikasining E.A. Beketov nomidagi Karaganda ilmiy tadqiqot universiteti bilan 4 yildan buyon yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda;
- 2. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan 3 yildan buyon hamkorlik qilib kelinmoqda;
- 3. “M-Vector” Mas’uliyati cheklangan jamiyat Xorijiy Korxonasi bilan shartnoma imzolangan.
- 4. Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash institute bilan hamkorlik shartnomasiga ega.
- 5. Nazar Business and Technology MChJ o‘rtasida shartnoma tuzilgan.
- 6. 2025-yil “Lider bolalar maktabi” NTM bilan talabalar amaliyotini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
- 7. Ijtimoiy ish mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi tarkibida hamkorlik shartnomasiga ega.


 
						 
						 
						 
						 
						 
						