Hamidulla Dadaboyev ilmiy maktabi
Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadabayevning ilmiy maktabi
Tilshunoslikning tarixiy leksikologiya, tarixiy terminologiya, tarixiy leksikografiya, manbashunoslik va matnshunoslik, tilshunoslik nazariyasi yo‘nalishlari bo‘yicha respublikada o‘z maktabini yaratgan yetakchi olim hisoblanadi. Tarixiy leksikologiya, tarixiy terminologiya, tarixiy leksikografiyaga doir ilmiy konsepsiyasi va ta’limoti nafaqat respublika, balki xorijda ham e’tirof etilgan. Olim O‘zbekistonda harbiy ish va harbiy san’at tarixining shakllanishi, rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda o‘ziga xos metodologik asosni ishlab chiqqan. Olimning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, harbiy terminologiya tarixiga doir izlanishlari turkiyshunoslikda terminologiyani diaxron aspektda o‘rganishda muhim qadam sifatida tan olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining buyrugʻi asosida professor Hamidulla Dadaboyev Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. H.Dadboyev shu yo‘nalishda 12 ta monografiya va risola, 6 ta o‘quv qo‘llanma, 300 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar nashr etgan. Bugun ushbu umumiy g‘oya doirasida 10 nafar fan doktori, 13 nafar fan nomzodi tayyorlagan.