Eng ko'p beriladigan savollar


Savol: 2023-2024-o‘quv yili uchun hujjatlar qachon va qanday topshiriladi?
Javob:  Abituriyentlarni ro‘yxatga olish 20-iyundan 20-iyulga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi. Chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlar uchun qabul 10-iyulda yakunlanadi. 
Abituriyentlar my.uzbmb.uz va my.gov.uz saytlari orqali ro‘yxatga olinadi.
 Ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyentlardan faqatgina 2 ta hujjat talab etiladi:

  • 1) biometrik pasport yoki ID-karta;
  • 2) umumiy o‘rta ta’lim olganligini tasdiqlovchi hujjat.

Savol: Mandat imtihon kunidan keyin 1 haftada chiqadimi?
Javob: Abituriyentlar test sinovida ishtirok etgan kunining ertasigayoq o‘z natijasini bilib oladilar. Bunda abituriyentning javoblar varaqasi rangli skaner qilinib, shaxsiy kabinetiga joylashtiriladi va u yerda nechanchi savolga qaysi javob belgilangani, bu javob to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi ko‘rsatiladi. Test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta ichida abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani bo‘yicha yakuniy tanlov natijalari e’lon qilinadi.

Savol: Joriy yilda nechta oliy ta’lim muassasasini (ta’lim yo‘nalishini) tanlash mumkin?
Javob: Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashlari mumkin. Bunda 5 ta ta’lim yo‘nalishini bir oliy ta’lim muassasasi yoki turli oliy ta’lim muassasalari doirasida tanlasa bo‘ladi. Ta’lim yo‘nalishlarini turli ta’lim shakllari doirasida tanlash mumkin. Misol uchun, 1️-ta’lim yo‘nalishini kunduzgi, 2️-ta’lim yo‘nalishini kechki, 3️- ta’lim yo‘nalishini sirtqi, 4️-ta’lim yo‘nalishini masofaviy. Shuningdek, abituriyentlar tanlov ustuvorligini ham tanlaydilar:  “davlat granti“ yoki “ta’lim yo‘nalishi” kabi. 
 

Savol:  Harbiy tavsiyanoma 5 ta oliy ta’lim muassasasiga ham o‘tadimi?
Javob: Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) o‘qishga kirish uchun alohida qabul parametrlari ajratiladi. Alohida qabul parametrlari umumiy qabul parametrlarining besh foizi miqdorida ajratilib, oliy ta’lim muassasalari kesimida (har bir ta’lim shakli bo‘yicha) taqsimlanadi. Tavsiyanomaga ega abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan birinchi oliy ta’lim muassasasiga ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.
 

Savol: Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday imtiyozlar bor?
Javob: Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha ikki foizli davlat granti asosida qabul kvotalari ajratiladi. Ushbu kvotalar oliy ta’lim muassasalari va ta’lim shakllari kesimida taqsimlanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar mazkur kvotalar doirasida tanlovda ishtirok etadi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovdan ozod etiladi.
 

Savol: Davlat ta’minotidagi shaxslarga va boquvchisini yo‘qotganlarga qanday imityozlar bor?
Javob: “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar, SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, yigirma besh yoshgacha bo‘lgan vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga OTMlarga kirish uchun bir foizgacha qo‘shimcha davlat granti asosidagi kvotalar ajratiladi. Qo‘shimcha kvotalar OTMlar va ta’lim shakllari kesimida taqsimlanadi. Ular mazkur kvotalar doirasida tanlovda ishtirok etadi. Shuningdek, to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar test sinovlari uchun to‘lovdan ozod etiladi.
 

Savol: Test topshiriqlarining qiyinlik darajasi va ularning taqsimoti qanday?
Javob: Mutaxassislik fanlaridan test varianti 3 ta qiyinlik darajasidagi (oson, o‘rta, qiyin) test topshiriqlaridan shakllantiriladi:

  • 1️) oson darajadagi test topshiriqlari – 15-25% oralig‘ida;
  • 2️) o‘rta darajadagi test topshiriqlari – 50-70% oralig‘ida;
  • 3) qiyin darajadagi test topshiriqlari – 15-25% oralig‘ida.

Majburiy fanlarda esa test topshiriqlarining barchasi oson darajadagi test topshiriqlari hisoblanadi. 

Savol: Xotin-qizlar uchun ajratilgan kvota egalari past ball olsa ham OTMga qabul qilinadimi? 
Javob: 2023-yil 30-may kuni ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tavsiyanoma berish uchun talabgorlarning arizalarini qabul qilish boshlandi. Arizalar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining xotin-qizlar.uz sayti orqali elektron shaklda qabul qilinmoqda va arizalarni qabul qilish 8-iyun kuni yakunlandi. Bunda tavsiyanomalar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi 402-son qarorida belgilangan mezonlar asosida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 1 yilga beriladi.

Ommaviy axborot vositalarida va telegram kanallarda mazkur tavsiyanoma bilan bog‘liq turli ma’lumotlar berilmoqda. Shu o‘rinda ushbu tavsiyanomaga ega xotin-qizlar qanday imtiyozga ega bo‘lishi haqida ma’lumot berib o‘tmoqchimiz:

Mazkur tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlarga kunduzgi ta’lim shakli uchun davlat granti asosida qo‘shimcha qabul parametrlari ajratiladi (2022-yilda 2 000 ta ajratilgan).

Ajratilgan qo‘shimcha qabul parametrlari Davlat komissiyasi tomonidan sohalar bo‘yicha hududlar kesimida taqsimlanadi va qabul parametrlari doirasida eng yuqori ball to‘plagan xotin-qizlar talabalikka tavsiya etiladi.

Eslatma: Har yili tavsiyanomaga ega xotin-qizlar soni ular uchun ajratiladigan qo‘shimcha kvotalar sonidan bir necha barobar ko‘p bo‘ladi. Shu sababli tavsiyanoma oldi degani, o‘qishga kirdi degani emas.

Savol: Bu yilgi kirish imtihonlarida qanday o'zgarishlar bo'ladi?

Javob: ➖ Bu yilgi test sinovlari uchun 30 mingdan oshiq yangi test savollari tayyorlandi; 
 
➖ Bu yilgi imtihon savollarida murakkab testlar 50% gacha kamaytirildi; 
 
➖ Sertifikatlar masalasi ilgari 10 minga yaqin edi bu yil bu ko'rsatkich 70 mingga yaqin ko'rsatkichni ko'rsatmoqda. (7 barobar oshgan) 
 
➖ Bugungi kunda 48 ta imtiyoz turi mavjud bo'lib, uzbmb.uz sayti orqali bilib olishlari mumkin;  
 
➖ Kasbiy ijodiy imtihon topshiruvchi abituriyent 10-iyulgacha hujjatini topshirib bo'lishi kerak; 
 
➖ 1-fani xorijiy tili ijodiy bo‘lgan ta'lim muassasalarida Bilim va malakani baholash agentligi  tomonidan 4 ta ko'nikma bo'yicha imtihon olinadi; 
 
➖ Har bir abituriyent natijasi 24 soatda e'lon qilinadi va abituriyent shaxsiy kabinetida shakllanadi; 
 
➖ Bu yilgi test sinovlar yopiq binolarda bo‘lib o‘tadi;  
 
➖ 1-smenada 45 mingga yaqin, 1 kunda 90 mingdan ortiq abituriyent imtihon topshiradi. 
 
➖ Matematika, fizika va kimyo fanlaridagi murakkab masala testlar olib tashlangan. 
 
➖ Bu yil test sinovlari 92 ta yopiq binoda o'tkaziladi. Binolar mahalliy hokimliklar tomonidan sovutgichlar bilan ta'minlanadi

Savol: Imtiyozli qo‘shimcha kvotalar qaysi yo‘nalishga qo‘llanadi?

Javob: faqat birinchi yo‘nalishga (2 ta istisnodan tashqari).

Ko‘pchilik shu savolni bermoqda. Xabaringiz bor, ayrim toifa abituriyentlar uchun umumiy kvotadan tashqari alohida kvotaga tanlov bo‘ladi. Masalan, harbiy tavsiyanoma olganlar, harbiylarning farzandlari, tavsiyanoma olgan ehtiyojmand xotin-qizlar, nogironligi bor yoki Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va h.k.

Ushbu kvotalar qaysi yo‘nalishga o‘tadi? Tanlagan beshta yo‘nalishga ham qo‘llanadimi yoki faqat birinchigami?

O‘qishga kirish uchun qo‘shimcha qabul parametrlari ajratiladigan imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar imtiyoz doirasida faqat o‘zlari tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishlari mumkin.

Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun beriladigan imtiyoz bundan mustasno. Yaʼni mazkur imtiyozlar beshta taʼlim yo‘nalishi uchun ham o‘rinli.

Eslatib o’tamiz, bugun — 2023-yil 23-iyun soat 17:30 holatiga hali imtiyozlar va maqsadli qabul uchun kvotalar e’lon qilinmadi. Umuman olganda tillar kesimida grant va kontrakt kvotalari ham hozircha aniq emas.

Savol: Tanlov ustuvorligini belgilash nima degani?

Javob: Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda davlat grantini ustuvorlik sifatida belgilashi mumkin.

Bunda abituriyent ustuvorlik sifatida:

Davlat grantini tanlasa — tanlagan barcha taʼlim yo‘nalishlarida dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida saralanadi;

Ta’lim yo’nalishini tanlasa — avval har bir taʼlim yo‘nalishida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ketma-ket tanlovda ishtirok etadi.

Yuqoridagi suratda buning ketma-ketligi ko’rsatilgan.

‼️Abituriyentlar ustuvorlikni belgilashda eʼtiborli bo‘lishlari kerak. Javoblar chiqqandan keyin, “voy, men bu yo’nalishda o’qimayman, ikkinchida o’qimoqchi edim, beshinchida o’qimoqchi edim” degan gaplar befoyda bo’ladi.

Savol: Kimlar test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirmasligini bilasizmi?

Javob: Ma’lumki, abituriyentlar test sinovida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lovni amalga oshiradi.

Bunda quyidagi abituriyentlardan to‘lov undirilmaydi:

Prezidentning 2019-yil 14-maydagi PQ-4319-son qaroriga muvofiq:

  • 1. test sinovlari tashkil etilayotgan yilda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar (maktab, akademik litsey va kasb-hunar maktablari bitiruvchilari);
  • 2. nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • 3. to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar (“Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari).

Prezidentning 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga muvofiq:

Savol: To‘lovni amalga oshirgandan so‘ng ta’lim yo‘nalishlarini o‘zgartirsa bo‘ladimi?

Javob: Abituriyentlarni ro‘yxatga olish chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlarida 10-iyulga qadar, qolgan ta’lim yo‘nalishlarida esa 20-iyulga qadar davom etadi.

Abituriyentlar ro‘yxatga olish yakunlangunga qadar ta’lim yo‘nalishlarini istalgancha o‘zgartirishlari mumkin (test sinovi uchun to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa ham).

Savol: Hujjat topshirib bo’lgandan keyin yana yo’nalishni o’zgartirsa bo’ladimi?

Javob: Ha, bo’ladi.

Siz toki hujjatlar qabuli tugagunga qadar (20-iyulgacha) bemalol o’z yo’nalishlaringizni o’zgartirishingiz mumkin.

O’tgan yillarda tugatganlar to’lov qilib bo’lgandan keyin ham yo’nalishlarni o’zgartirsa bo’ladi. Bunda to’lov kuyib ketmaydi yoki yana qayta to’lov qilish talab etilmaydi.

21-iyul soat 00:01 dan boshlab, yo’nalishlarni o’zgartirib bo’lmaydi.

Bundan tashqari, sizlarga do’stona maslahatim, tezroq yakuniy qarorga kelib, oldinroqdan aniq belgilab oling. Negadir hamma oxirgi kungacha taqaydi va 20-iyul kuni serverga yuklama kuchayib ketadi. Shunaqa payti balki saytda uzilishlar ham kuzatilishi mumkin.

Savol: Maktabni oltin va kumush medal bilan tugatgan o‘quvchilarga o‘qishga kirishda biror imtiyoz bormi?

Javob: Yo‘q, ularga imtihonlarda hech qanday imtiyoz qo‘llanmaydi. Shuningdek, akademik litseylarning qizil diplomini olgan o‘quvchilarga ham OTMlarga kirish uchun hech qanday imtiyoz berilmaydi.