Uzoq Jo‘raqulov ilmiy maktabi
O‘zbek adabiyotini jahon adabiyotshunosligi kontekstida tadqiq etish, jahon adabiyotining umumnazariy muammolarini tizimli o‘rganish, bunda turkiy adabiyotning hissasini yoritish, xususan, hazrat Navoiyning adabiy merosini nazariy va tarixiy poetika ilmlari doirasida talqin qilish globallashgan davr ehtiyoji nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun Sharq va G‘arb adabiyoti tipologiyasi, jahon adabiy-estetik tafakkur tarixi, din, mif, folklor va yozma adabiyot namunalari, epos, “Xamsa” va roman janrlarining tarixiy genezisi, poetik takomilini universal adabiyotshunoslik kontekstida tahlil va talqin qilish, Uchinchi Renessansning adabiy-estetik poydevorini yaratishning garovi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Adabiyotshunos Uzoq Jo‘raqulov tadqiqotlari sohadagi ana shunday yirik muammolar yechimiga qaratilgan.
Filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo‘raqulov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda. Uning rahbarligida olib borilayotgan tadqiqotlar tarixiy va nazariy poetika, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti, jahon adabiyoti, qiyosiy adabiyotshunoslik muammolarini qamrab olgan. Olim adabiyotshunoslikning barcha soha va yo‘nalishlarida 200 yuzdan ortiq maqola e’lon qilgan.
Uzoq Jo‘raqulovning “Fitratning tadqiqotchilik mahorati” (2004), “Alisher Navoiy “Xamsa”sida xronotop poetikasi” (2017), “Qodiriy va roman tafakkuri” (2020), “O‘zbek romani genezisi” (2023) monografiyalari, “Hududsiz jilva” (2006), “Nazariy poetika masalalari: Muallif. Janr. Xronotop” (2015) nomli ko‘lamdor nazariy tadqiqotlarni qamrab olgan ilmiy to‘plamlari nashr etilgan. Olim, ayni paytda ilmiy va badiiy tarjima bilan ham shug‘ullanadi. Jumladan, M.M.Baxtinning “Romanda zamon va xronotop shakllari” (2015) nomli yirik fundamental tadqiqotini tarjima qilib, salmoqli tadqiqot-so‘zboshi, sharh va izohlar yozgan. Uzoq Jo‘raqulov tarjimasida yapon novellalaridan tarkib topgan “Yuzini yo‘qotgan odam” (2008), Dino Bussatining “Eynshteyn bilan iblisvachcha”, “Ikar”, Edgar Poning “Baqacha” kabi hikoyalarini o‘z ichiga olgan hikoya to‘plamlari chop qilingan (2020). Olimning (K.Hamraev bilan hammualliflikda) oliy o‘quv yurti talabalari uchun mo‘ljallangan “Qiyosiy adabiyotshunoslik” o‘quv qo‘llanmasi 2021-yilda nashrdan chiqdi.
Uzoq Jo‘raqulov marhum professorlar Begali Qosimov haqidagi “So‘nggi jadid qissasi”, Bahodir Sarimsoqov haqidagi “Sokin daryo mavjlari”, ilmiy xodim A’zamxon Qozixo‘janing “Gar ortuq so‘z dedim...” kitoblarini nashr etishda to‘plovchi, so‘zboshi muallifi, mas’ul muharrirlik qilgan. Shuningdek, olim ToshDO‘TAUning Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya tashkilotchisi, O‘zbek filologiyasi fakulteti ilmiy Kengashi qoshidagi adabiyotshunoslik va tilshunoslik bo‘yicha nazariy-metodologik seminar raisidir.
Uzoq Jo‘raqulovning ilmiy maqolalari AQSh, Germaniya, Angliya, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda e’lon qilingan. 2018-yildan beri uning mualliflik loyihasi asosida “Madaniyat va ma’rifat” telekanali “Xamsaxonlik” turkum ko‘rsatuvini efirga berib boradi. Ko‘rsatuvda “Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror”dagi hikoyat va maqolalar tahlili yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda olim “Birgalikda o‘qiymiz” ko‘rsatuvida kafedradagi barcha yosh tadqiqotchilar bilan muntazam qatnashib keladi. “O‘zbekiston tarixi” telekanalida milliy adabiyotimizning qator vakillari ijodiga doir chiqishlar qilyapti.
Olimning ilmiy rahbarligida bugungi kungacha 6 nafar filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoya qilingan. Shuningdek, 2 nafar fan doktori (DSc) va 6 nafar falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari uning bevosita rahbarligi ostida nihoyasiga yetyapti.
U.Jo‘raqulov Respublikamizda yosh avlodni komil inson, kelajakning munosib vorislari qilib tarbiyalash borasida erishilayotgan yutuqlarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.