Tilimizning tilla sandig‘i
Aziz kuzatuvchilarimiz, tilimizning o’ziga xos go’zal lug‘at boyligi, uning tarixi, taraqqiyotiga oid qiziqarli ma’lumotlarni ulashib borish uchun biz yangi ruknni tashkil etdik. Mazkur Ruknda sizni qiziqtirgan ko‘plab tilimizga oid savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Ruknimizning dastlabki maqolasi bugungi kunda muhokama markazida bo’lib turgan Toshkent va vodiy viloyatlarini bog’lovchi Qamchiq toponimi etimologiyasi va imlosiga bag’ishlanadi. Ushbu maqola filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Zulxumor Xolmonova xulosalari asosida tayyorlandi.
Qamchiq toponimi haqidagi bahslar yurtdoshlarimizning, mutaxassislarning tilimiz taqdiriga befarq emasligidan dalolat beradi.
Aksariyat manbalarda toponim “Qamchiq” shaklida yozilgan. Uning aslida “Kamchiq” shaklida bo‘lgani haqidagi fikrlar so‘z etimologiyasi bilan bog‘liq. Til taraqqiyoti davomida so‘zning shakliy va mazmuniy strukturasida o‘zgarishlar yuz beradi. Etimologiya so‘zning tarixiy shakli, ma’nosi haqida ma’lumot beradi. Etimologiya so‘zning kelib chiqish asosi, tarixiy shakliga aniqlik kiritadi. Ammo so‘zning hozirgi shaklini o‘zgartirish uchun asos bo‘la olmaydi. Hozirgi imloda etimologiyaga asoslansak, yomg‘ir so‘zini “yog‘mir”, yostiq so‘zini “yotsiq”, paypoqni “payqop” deb yozishimiz kerak bo‘ladi. Beshyog‘och so‘zini etimologiyaga asoslanib Beshog‘och shaklida yoza olmaymiz. Chunki yog‘och so‘zining ma’nosi ham o‘zgargan. Hozirda “daraxt”ni emas, daraxtdan tayyorlangan ashyo” tushunchasini anglatadi.
Ikkinchidan, Qamchiq so‘zidagi asosning “kam” so‘ziga aloqasi yo‘q. Chunki dovonda kamar, kam deyilishiga asos bo‘ladigan geografik shakl, holat mavjud emas. So‘zning “kam chiqish” harakatiga bog‘lanishi ham to‘g‘ri emas. “Kamchiq” shakli singarmonizm qonuniyatiga mos kelmaydi. Toponim kam asosidan shakllangan bo‘lsa, kamtik yoki kemtik shakliga mos ravishda Kamchik/kemchik bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, Qam asosi “qamrash”, “o‘rab olish”, “bir-biriga yaqin” ma’nolarini ifoda etadi (Sh. Rahmatullayev. O‘zbek tilining etimologik lug‘ati.-T., 2000. 520-bet). Tog‘ tizmasining shakli, kattaligi, ma’lum hududni qamrab olganligi ham shunga ishora qiladi.
Qolaversa, toponimning qadimgi so‘g‘dcha qam/qar - katta, shix/chiq -tog‘, ya'ni katta tog‘ so‘zlaridan hosil bo'lgani haqidagi xulosa ham haqiqatga yaqin (T.Nafasov. O‘zbek tili toponimlarining o‘quv-izohli lug'ati. -T., 2007. 47-bet).
Xulosa qilib aytganda, toponimning Qamchiq shaklida yozilishi xato emas.
Aziz kuzatuvchilarimiz!
Barchamizga ma’lumki, qayerda istiqomat qilishidan qat’i nazar o‘zbek millatiga mansub insonlar tomonidan ishlatiladigan til - milliy til deb yuritiladi. Umumxalq tili o‘z tarkibiga sheva, so‘zlashuv nutqi, jargonlar, vulgarizm (so‘kish, qarg‘ish so‘zlari) kabi so‘zlarni qamrab oladi. Milliy tilning ma’lum qoidalariga bo‘ysundirilgan, muayyan qolipga solingan, olimlar, san’atkorlar, mutaxassislar tomonidan ishlov berilgan, doim silliqlashtirilib, mukammallashtirilib boriladigan shakli adabiy til deb ataladi. Ma'lum tilda gaplashuvchilarning barchasi uchun tushunarli bo‘lish zarurati adabiy tilning yaratilishiga sabab bo‘lgan. Milliy o‘zbek tilida shevalarning ko‘pligi adabiy tilga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirgan. Ayrim tillarda shevalar kam bo‘lgani uchun adabiy tilga ehtiyoj yo‘q. Ko‘p o‘rinlarda asosiy urg‘uni adabiy tilga yo‘naltirib, sheva masalasini nazardan qochiramiz. Vaholanki, xalq shevalari o‘zida tarixiy xotirani, madaniy hayot omillarini saqlashi bilan ahamiyatli hisoblanadi. Shu boisdan, Siz azizlarga qimmatli ma'lumotlarni ifoda etish uchun “Tilimizning tilla sandig‘i” ruknini boshlagan edik. Bugun Sizlarni Buxoro viloyatining janubi-g‘arbida, Zarafshon daryosining eng quyi oqimida joylashgan Olot tumanining shevasida uchraydigan, ma’lum ma’noda ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lgan so‘zlar bilan tanishtiramiz.
1. Mujek – hasharot
2. Do‘rji – tumonat
3. Deza – xola
4. Pishkak – qatiqning yog‘ini ajartishda ishlatiladigan asbob.
5. Chira – biron narsani bog‘lash uchun lattaning bir chetidan yirtib olingan bo‘lak.
6. Do‘v – sindir
7. Bodoqcha – ariqcha
8. Mizzik – ko‘z yosh
9. Tangqa – oftoba
10. Domona – balo
11. Mo‘v – qirqoyoq
12. Gulbivishek – jimjiloq.
13. Ovush – yantoq uyumi.
14. Mag‘laycha – peshonaband ro‘mol.
15. Mepiri – somsa.
Aziz o'quvchi, Olot shevasi qaysi lahja va qaysi dialektga mansubligini bilasizmi? Javoblaringizni universitetimizning rasmiy sahifalaridagi munozara maydonlarida yozib qoldiring.
Deyarli barcha turkiy xalqlar oshxonasida tayyorlanadigan tansiq yeguliklardan biri bo‘g’irsoqdir. Bo‘g’irsoq lazzatli, to‘yimli va tezpishar yegulik bo‘lishi bilan bir qatorda o‘zida katta tarixiy an’anani avloddan-avlodga yetkazayotgan milliy qadriyat hamdir. Bu so‘zning etimologiyasi bilan qiziqib ko‘rganimda, hech qayerdan batafsil ma’lumot topa olmadim. Qulog’im va qalbim bilan bu so‘z turkiycha ekanligini anglar edim. Shavkat Rahmatullayevning 3 jildli “O‘zbek tilining etimologik lug’ati”dan tortib, boshqa ko‘plab manbalardan ayni so‘zning asl ma’nosini izladim. Natija olmagach, filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyevga murojaat qildim. Suhbatimiz uzoq cho‘zilmadi. Professor darhol bo‘g’irsoqning asl ma’nosi va unda yashiringan azaliy qadriyatlarimiz haqida qimmatli ma’lumotlarni bayon qildilar-qo‘ydilar.
“Bo‘g’irsoq so‘zi baursaq yoki bag’irsaq so‘zidan kelib chiqqan. Baur so‘zini o‘zbek tilida bag’ir shakli hozirgacha saqlanib qolgan. Bu so‘z "birlik, qarindoshlik, birodarlik” ma’nolarini ifodalaydi. Unga qo‘shilgan sak, saq, soq shakli esa tortish, istash ma’nolarini bildirgan eski turkiycha so‘zdir. Demak, bo‘g’irsoq so‘zi birodarlik istagi ma’nosini anglatadi. Bu taom kundalik yegulik hisoblanmagan. U asosan jamoaviy tadbirlarda, bayramlarda tayyorlangan va birodalarga ulashilgan. Hozirgacha bo‘g’irsoq hayit, navro‘z bayramlarida tayyorlanadi. Bu bejiz emas, qadimdan ushbu an’ana mavjud bo‘lgan. Qarindoshlar yig’ilib, xamir qorib, diydorlashib, suhbatlashib o‘tirishgan. Suhbat davom etavergan, bo‘g’irsoqning xamiri ham oshib, ko‘pchib boravergan. So‘ng ular yana suhbat avjida xamirni bo‘laklarga bo‘lib, qizigan yog’da qovurib, as alga yoki shinniga botirib yeyishgan. Issiqqina va mazali bo‘lgani, qolaversa, uni birodarlar (baurlar, bag‘irlar) tayyorlagani uchun bo‘g’irsoq deb atashgan. Qolaversa, turkiylar azaldan nonga, non asosli taomlarga o‘zgacha hurmat bilan qarashgan. Bog’irsoq ham ana shunday hurmatga ega yeguliklardan biri bo‘lgan”.
Samixon Ashirboyev bergan bu ma’lumotlar barchamiz uchun qimmatli. Bo‘g’irsoq yeguligiga bo‘lgan mehringiz yanada ortib ketgan bo‘lsa, ajab emas. Hayit yaqin, yaqinlaringizga bo‘g’irsoq ulashishni unutmang!
Ma'suma Obidjonova
Bahorning xos yeguliklaridan biri dovchadir. Dovcha nordon, yoqimli ta’mi tufayli bolalar hamda kattalarning sevimli xom mevasi sanaladi. Ayniqsa, tuz bilan danagi qotmagan dovchani yesangiz…, maza! Yashil o‘rik (xom o‘rik) – dovchani ayrim shevalarda g‘o‘ra deb ham atashadi. Bu so‘zning etimologiyasi bilan qiziqib ko‘rganmisiz? O‘zbek tilining uch tomlik etimologik lug‘atida dovcha so‘zining tarixi haqida ma’lumot mavjud emas. O‘zbek tilining izohli lug‘atida “Hali pishmagan, gʻoʻr oʻrik, gʻoʻra” , deya izoh beriladi. G‘o‘ra so‘zi fors-tojik tilidan o‘zlashgan. Dovcha (dovuchcha) so‘zining tarixi esa berilmagan. Arab tilidan o‘zlashgan so‘zlarga ham oid bo‘lmagan dovchaning tarixini turkey manbalardan izlash kerakdir?
Dovcha so‘zining kelib chiqish tarixi haqida biz universitetimizning professorlari, turkolog olimlar Samixon Ashirboyev va Baxtiyor Abdushukurovlardan so‘radik. Har ikki olim ham aynan bir xil javob berdi.
Samixon Ashirboyev: Badiiy asarlarda dovuchcha shaklida ham beriladi (Qarang: Oʻzbek tilining izohli lugʻati). “Devonu lugʻatit turk” va “Drevnetyurkskiy slovar”da transkripsiyada yoziladigan dava soʻzi beriladi. U - yulgʻun butasining mevasi. Aftidan, u ham nordon boʻlgan, yeyilmagan. Mening nazarimda, keinchalik dava soʻzi davacha (dovachalik ma’nosida), davucha//dovuchcha, dovcha kabi oʻzgarishlarga uchrab, gʻoʻra ma’nosida qoʻllanadigan boʻlgan.
Baxtiyor Abdushukurov: Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida dava - “yulg‘un yog‘ochining mevasi” ma’nosini anglatgan (MK,III,225). Odatda uni bo‘yoqchilar ishlatgan. Shundan kelib chiqib taxmin qilish mumkinki, dovcha so‘zi dava istilohi bilan -cha kichraytirish qo‘shimchasidan shakllangan.
Demak, dovcha yoki dovuchcha so‘zi sof turkiy bo‘lib, bu so‘z shevalarimizdan adabiy tilga ko‘chgan. Dovcha ko‘pincha toksikoz bilan og‘rigan homilador ayollar tomonidan talab qilinadi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki u juda ko‘p C va P vitaminlari, minerallar va ozuqa moddalariga ega. Bu qon bosimini pasaytiradi va ishtahani yaxshilaydi. Qisqasi, nafaqat mazali, balki, foydali hamdir. Dovcha yemaklarga ozgina nordonlik beradi, shuning uchun u palovga qo‘shiladi (oddiy palov u bilan bahoriy bo‘ladi). Bundan tashqari, meva xolesterin darajasini pasaytiradi va qon tomir devorlarida xolesterin plitalari shakllanishiga to‘sqinlik qiladi, tanadan toksinlarni haydaydi. Dovcha tuzlanadi, murabbodek qaynatiladi, kelajakda foydalanish uchun muzlatiladi. Muxtasar qilib aytganda, vitaminli va noodatiy mahsulotdir. Dovchaxo‘rlikka ketdik!