
Yunus Emro ijodiy merosi va oʻzbek adabiyoti
Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasidagi siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalari qadimiy ildizlarga, mushtarak maʼnaviy qadriyat va anʼanalarga hamda mustahkam rishtalarga ega. Oʻzaro doʻstlik va birodarlikka asoslangan davlatlararo munosabatlar bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilayotgani, ayniqsa, quvonarlidir.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yunus Emro ijodiy merosi va oʻzbek adabiyoti” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu anjuman XIII asrda yashab ijod etgan ulugʻ turk shoiri va mutafakkiri Yunus Emro ijodini tahlil va targ'ib etish barobarida ikki qardosh xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik oʻzaro doʻstlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganining yana bir hayotiy isbotidir.
Ayniqsa, 2020-yili Yunus Emroning “Oʻlmas koʻngil” deb nomlangan saylanma sheʼrlar kitobining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soʻzboshisi bilan nashr etilishi madaniy hayotimizda katta voqea boʻldi.
Anjumanni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov kirish so‘zi bilan boshlab berdi. Konferensiyada soʻzga chiqqan Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining turizm va madaniyat bo‘yicha maslahatchisi Alparslon Akinji shu kabi xayrli sa'y-harakatlar uchun O'zbekiston hukumatiga va ilmiy jamoatchiligiga alohida tashakkur bildirdi. Taniqli olim va ijodkorlar, tarjimonlar Yunus Emro ijodining turkiy xalqlar adabiyoti rivojida tutgan oʻrni, badiiy-estetik va irfoniy-axloqiy ahamiyati, oʻzbek mumtoz adabiyoti namoyandalari, xususan, Xoja Ahmad Yassaviy anʼanalarining shoir ijodida munosib davom ettirilgani, ijodkor asarlari tarjimalari va shoir adabiy merosini xalqaro miqyosda targʻib etish masalalari, oʻzbek va turk adabiy aloqalarining bugungi va istiqboldagi taraqqiyoti masalalari yuzasidan fikr almashdilar.