
Yosh olimaning shahdam qadamlari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi va “Oʻzbek maktabi” oʻqituvchisi Durdona Ermatova 2025-yil 20-apreldan boshlab bir oy mobaynida Italiyaning nufuzli Ka-Foskari universitetida xizmat safarida bo‘lib, mazkur oliy ta’lim muassasasida oʻzbek tili va madaniyatiga bagʻishlangan o‘quv va ilmiy faoliyatni amalga oshirdi. Mazkur tashrif ToshDOʻTAU va Ka-Foskari universitetlari hamkorligida amalga oshirilayotgan Eramus+ dasturi doirasidagi loyihaning natijasidir.
Durdona Ermatova universitetning Osiyo va Shimoliy Afrika tadqiqotlari bo‘limida tahsil olayotgan bakalavr, magistr hamda doktorantlar uchun oʻzbek tili va madaniyatiga oid amaliy mashg‘ulotlar olib bordi. Mashg‘ulotlarda oʻzbek tilining fonetika va grammatika xususiyatlari, leksik boyligi, stilistik jihatlari, shuningdek, oʻzbek xalqining boy madaniy merosi va tarixiga oid bilimlar zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida yetkazildi. Ayniqsa, chogʻishtirma tilshunoslik sohasida tadqiqot olib borayotgan doktorantlar bilan alohida tuzilgan ilmiy-didaktik dastur asosida ishlanib, ularning individual ilmiy ehtiyojlariga mos yo‘nalishda mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Durdona Ermatova Ka-Foskari universitetining taniqli professori, tilshunos olima Elizabetta Ragagnin bilan hamkorlikda lingvistika darslarida ishtirok etdi hamda chog‘ishtirma tilshunoslik bo‘yicha qo‘shma mashg‘ulotlar olib bordi. Ushbu darslar orqali talabalar turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining boshqa tillar bilan qiyosiy jihatlarini chuqur tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tashrif davomida Durdona Ermatova universitet olimlari bilan yaqindan ilmiy aloqalar o‘rnatdi, ularning ma’ruzalarida faol ishtirok etdi, o‘z ilmiy va metodik tajribasini boyitdi. Shuningdek, universitet tomonidan amalga oshirilayotgan “Marko Polo kitobining oʻzbek tiliga tarjimasi” xalqaro loyihasida tarjimon sifatida qatnashib, tarjima jarayonida oʻzbek tilining nazariy va amaliy jihatlaridan samarali foydalandi.
Mazkur tashrif nafaqat Durdona Ermatovaning shaxsiy ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirishga, balki Oʻzbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari oʻrtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, oʻzbek tilining xalqaro maydondagi mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda.