
Yangi nashr: "Jilovlanmagan tafakkur mahsuli"
Bugun O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, pedagogika fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori, professori Qozoqboy Yo‘ldoshevning "Jilovlanmagan tafakkur mahsuli" nomli monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda ulg‘ayib kelayotgan avlod ma’naviyatini yuksaltirishda olimlarimizning tadqiqotlari, millatni uyg‘oqlikka chorlovchi asarlari katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlandi.
Atoqli adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshevning “Jilovlanmagan tafakkur mahsuli” deb nomlangan yangi kitobi ta’lim sohasini isloh etishda muhim fikr va qarashlarni ifoda etgani bilan g‘oyat qadrlidir.
– 628 sahifalik ushbu kitob yuksak talablarga javob berishi, o‘zbek hayotini to‘laqonli aks ettirishi bilan ahamiyatlidir, – dedi dotsent Hoshimjon Ahmedov. – Bugun eng katta muammo adabiyot darsini o‘qitishdir. Maktab ostonasiga qadam qo‘ygan bola uni bitirguniga qadar qancha kunlarni boshidan o‘tkazadi. Kitobda muallif hammani bir xil fikrlashga majburlash noto‘g‘ri yondashuv ekanini ta’kidlaydi. Toki o‘quvchi mustaqil fikrlar ekan, u ertaga qandaydir kashfiyotlar egasi ham bo‘lishi mumkin. Ushbu kitobda milliy pedagogikaga oid eng muhim jihatlar qamrab olingan. O‘quvchilarga tepadan turib emas, balki hamkor sifatida qarash kerakligi alohida qayd etilgan. Bolani mustaqil fikrlashga o‘rgatish katta va sermashaqqat jarayon. Ta’limdagi asosiy yondashuv, nuqtayi nazarlardan biri bolani mustaqil fikrlashga o‘rgatish ekan, ushbu kitob bu borada muhim qadamdir.
– Har bir ijodkorning o‘z nuqtayi nazari, maslagi bor, – dedi adib, shoir va tarjimon Abdunabi Boyqo‘ziyev. – Shu ma’noda kitobni ham odamga o‘xshatish mumkin. Uning o‘z so‘zi, yuzi, taqdiri bor. Qozoqboy Yo‘ldoshevning “Jilovlanmagan tafakkur mahsuli” nomli kitobi zamonning eng dolzarb darajasidagi kitobdir. Unda inqilobiy fikrlar aytilgani diqqatga sazovor. Jumladan, o‘quvchining o‘zligini tanitish, uni shaxsga aylantirish kerakligi haqida qimmatli fikrlar yuritilgan. Domlaning maqolalari, kitoblarini qiziqib o‘qiyman. Zero, bugun jamiyat shunday asarlarga juda muhtoj. Ushbu kitob yangicha fikrli avlodni shakllantirishda, jamiyat rivojida ulkan ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Taqdimot tadbirida “Jilovlanmagan tafakkur mahsuli” kitobi xususida atroflicha fikrlar bildirildi.