Universitet – talaba – oila muloqoti
Mamlakatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularni ilm-fanga qiziqtirishni eng muhim omil sifatida qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan yurtimiz oliy ta’lim tiizmida tub islohotlar amalga oshirildi. Har bir yigit-qizning ta’lim va tarbiyasiga nafaqat uning ota-onasi, balki ta’lim dargohi ham mas’ulligi ta’kidlandi. Shuning uchun ham ota-onalar bilan universitetlarning yaqin hamkorlik o‘rnatishi, doimiy muloqotda bo‘lishi ustuvor vazifalar qatoridan joy oldi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham bu muhim vazifa ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023-yilning 7-oktabrida Birinchi ota-onalar kongressini o‘tkazilgan edi va unda talabalarning o‘quv davriga aloqador muhim qarorlar qabul qilingan. 2024-yilning 5-iyun kuni universitetda “Universitet – talaba – oila muloqoti” shiori ostida ikkinchi Ota-onalar kongressi ish boshladi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mamlakatimizdagi eng yosh, ammo katta maqsadlar oldiga qo‘yilgan, muhim strategik vazifalarni bajaruvchi ta’lim muassasasidir. Joriy yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining sakkiz yilligini ham nishonlanmoqda. O‘tgan sakkiz yilda universitet jamoasi, talabalar bilan birgalikda katta yo‘lni bosib o‘tdi, qisqa muddat ichida milliy va xalqaro reytinglarda munosib natijalar qayd etdi, bitiruvchilar esa allaqachon jamiyatning turli bo‘g‘inlarida mehnat qilishmoqda, yurtga nafi tegmoqda.
2016-yilda universitetning ilmiy salohiyati 51 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 61,3% ga ko‘tarilgan. Talabalarga 194 nafar professor-o‘qituvchi saboq beradi, ularning 45 nafari fan doktori, 74 nafari fan nomzodi, PhD mutaxassislardir. Ilk tashkil etilgan kezda universitetda 3 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlangan bo‘lsa, bugunga kelib ularning 14 taga, magistratura mutaxassisliklari soni esa 12 taga yetdi.
Universitet 2022-yilda ilk bor xalqaro reytinglarda ishtirok etgan edi. Bir yilning o‘zida Times Higher Education tashkilotining Impact reytingida bir necha yuz pog‘ona ilgarilab, dunyoning eng kuchli 600+ universitetlari ro‘yxatiga kirdi va bu borada mahalliy OTMlar orasida peshqadamga aylandi. UI GreenMetrics reytingida ham 200 pog‘onaga ko‘tarilib, 376-o‘rinni qayd etdi. Jamoa ilmiy-tadqiqot faoliyati, o‘quv-uslubiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda ko‘plab maqsadli loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu borada talabalarning ota-onalari bilan doimiy muloqotda bo‘lish, har bir yigit-qizning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga har jihatdan ko‘maklashish ustuvor vazifa sanaladi.
Bugungi kongress ushbu vazifalarni bajarishda alohida ahamiyatga egadir. Kongressda universitetning bir guruh pedagoglari va xodimlari, faol talabalar, shuningdek, ota-onalar taqdirlanishdi. Kasbiy faoliyati davomida muvaffaqiyatlarga erishgan professor o’qituvchilar va xodimlarga “Alisher Navoiy” medali bilan topshirildi. Talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari ota-onalarga manzur keldi.
Tadbirda ishtirok etgan Turkiyaning nufuznli “Yangi yuz yil” universiteti Huquq fakulteti dekani Jelal Erbay, sudanlik professor Ahmed Fadlullah soʻzga chiqib, Oʻzbekiston universitetlarida, xususan, Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAUda talabalarning sifatli ta’lim olishlari, ilmiy tadqiqotni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor a’lo darajada ekanligini qayd etishdi.
Ota-onalar o‘z farzandlari tahsil olayotgan fakultet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari bilan muloqot qildilar, ularga universitetda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayoniga oid ma’lumotlar berildi. Kun yakunida ota-onalar poytaxtimizning eng yaxshi teatr tomoshasiga taklif etildi.