Yangiliklar

img
Sun, 12/31/2023 - 08:13

Universitet rektorining bayram tabrigi

Aziz hamkasblar, qadrli talabalar! Barchangizni yaqinlashib kelayotgan 2024-yil bilan muborakbod etaman. 2023-yil mamlakatimiz, xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti uchun ham muvaffaqiyatlarga boy yil boʻldi. Universitetimizda bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari soni 14 taga, magistratura mutaxassisliklari soni esa 12 taga yetdi. Universitet pedagogik jamoasining ilmiy salohiyati koʻrsatkichlari tobora ortib bormoqda.
Universitetimiz oʻtgan yili ilk bor xalqaro reytinglarda ishtirok etgan edi. Bir yilning oʻzida Times Higher Education (THE) tashkilotining Impact reytingida bir necha yuz pogʻona ilgarilab, dunyoning eng kuchli 600+ universitetlari roʻyxatiga kirdik va bu borada mahalliy OTMlar orasida peshqadamga aylandik. UI GreenMetrics reytingida ham 200 pogʻonaga koʻtarilib, 376-oʻrinni qayd etdik. Buning barchasi ahil va mehnatsevar jamoamiz, intuluvchan va bilimdon talabalarimizning yutugʻi. Kaminaga berilgan akdemik unvoni ham butun ilm ahliga, xususan, universitetimiz jamoasiga bildirilgan ulkan ishonch nishonasidir.
Biz ilmiy-tadqiqot faoliyati, oʻquv-uslubiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishda koʻplab maqsadli loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Xususan, xorijliklarga oʻzbek tili va madaniyatini oʻrgatuvchi “Oʻzbek maktabi” faoliyati tobora kengayib, salmoqli natijalarni qayd etmoqda. 2023-yilda “Xorijliklar uchun oʻzbek tili” (A2 daraja uchun) darsligi chop etildi. Ushbu markazning erishayotgan natijalari shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ham e’tirof etildi.
Yurtboshimiz rahnamoligida olib borilayotgan taʼlim islohotlarida oldingi safda boʻlishga harakat qilmoqdamiz.  Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ko‘tarilgan asosiy masalalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, milliy tilimizning istiqboli, buyuk ajdodlarimiz hayot yoʻlini oʻrganish, ularning asarlarini tadqiq qilish boʻyicha bildirilgan aniq fikrlar yangi yilda yanada koʻp va xoʻb ishlashimiz, yangi marralarni zabt etishimiz lozimligini anglatadi.
Erishilgan yutuqlar kelajakka ishonch bilan olgʻa borishga undaydi. Ishonch bilan ayta olamanki, 2024-yilda ham barcha jabhalarda ulkan marralarni zabt etamiz. Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!
Shuhrat Sirojiddinov
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori,
filologiya fanlari doktori, akademik.