Turkiylarning mushtarak madaniy merosi
O‘zbek adabiyoti tarixining o‘rganilishida turkiyalik olimlarning ham ulkan ulushi, salmoqli hissasi bor. Turkiyada o‘zbek adiblari, tasavvuf adabiyoti tadqiqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yassaviyshunos olim, Bashkent universiteti professori, filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Abdurrahmon Go‘zal universitet mehmoni bo‘ldi. 2023-yil 5-oktyabr kuni O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi tomonidan “Ahmad Yassaviy ijodi va turkiy mutasavvuflar ijodidagi mushtarak jihatlar” mavzusida ilmiy-nazariy seminar tashkil etildi. Seminarda olim Ahmad Yassaviyning “Faqrnoma” asari va turk adibi Yunus Emro ijodidagi yaqinlik, g‘oyaviy mushtaraklik borasida ma’lumot berdi. Turk olimlari Fuod Ko‘prulizoda, Kamol Eraslon tomonidan tassavuf adabiyotining o‘rganilishi yoritildi. Olim o‘zi nashrga tayyorlagan Yassaviy “Faqrnoma”, Sulaymon Baqirg‘oniy asarlari nashri, Bashkent universitetida Alisher Navoiyga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya to‘plami, “Diniy-tasavvufiy turk adabiyoti”, Qayg‘usiz Abdolning “Guliston” asari nashrlari bilan tanishtirdi. O‘zbek va turk olimlari bilan hamkorlik aloqalari, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Umuman, seminar qiziqarli ma’lumotlarga boy bo‘ldi, fikr-mulohazalar almashindi.





