Turkiy xalqlarning mushtarak adabiyoti
Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti Ilhom Alievning 5-yanvar 2021-yildagi Qaroriga muvofiq daho shoir shayx Nizomiy Ganjaviyning 880 yillik yubileyi sharafiga Ozarbayjonda 2021-yil “Nizomiy Ganjaviy yili” deb e’lon qilindi. Ayni zamonda, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020-yildagi 19-oktabrdagi tarixiy Qarorida buyuk shoir va mutafakkir Amir Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyini keng miqyosda nishonlash haqidagi fikrlar o‘z aksini topgan. Har ikki Qaror turkiy adabiyotga va mumtoz adabiy-madaniy sohaga berilgan yuksak e’tibor va ehtirom ramzidir.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi loyihasi asosida buyuk ijodkorlar haqida maqola va kitoblar yozish ishlari amalga oshirildi. Universitetimiz olimlari Shuhrat Sirojiddinov va Gulbahor Ashurova hammuallifligida "Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodida turkona tafakkur va g’oyaviy badiiy asos” nomidagi monografiya chop etildi. Monografiyada dunyo adabiyotining va turkiy xalqlarining dohiy namoyondalaridan bo‘lgan Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy merosi, uning o‘rganilishi, har ikki shoir va mutafakkirning badiiy-falsafiy qarashlari, sharq madaniyati, turkiy milliy-madaniy merosga qo‘shgan hissasi, hassos she’riyati va ikki “Xamsa”dagi o‘ziga xosliklar tadqiq etilgan.