Yangiliklar

img
Sat, 07/12/2025 - 10:40

Tayanch doktorantlarning choraklik monitoringi yakunlandi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yil 30-iyundan 12-iyulgacha davom etgan tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning choraklik ilmiy monitoring jarayoni yakunlandi. Monitoringda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yil 30-iyundan 12-iyulgacha davom etgan tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning yarim yillik ilmiy monitoring jarayoni yakunlandi. Monitoringda 356 nafar tayanch doktorant, doktorant, stajor-tadqiqotchi hamda 94 nafar mustaqil izlanuvchilar qatnashdi.
Monitoring jarayonida doktorantlarning shaxsiy ish rejalari ijrosi, bajarilgan tadqiqot ishlari mazmuni, metodologik aniqlik darajasi va ilmiy natijalarni nufuzli ilmiy jurnallarda e’lon qilishga qaratilgan sa’y-harakatlari chuqur tahlil qilindi. Jarayon bevosita Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova tomonidan boshqarildi. Tadqiqotchilarning koʻrsatkichlari universitet  Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi boshligʻi Sanjar Mavlonov tomonidan tekshirildi. 
Monitoring nafaqat nazorat vositasi, balki har bir tadqiqotchining ilmiy salohiyatini uyg‘otish, unga ilmiy mas’uliyat hissini yanada singdirish, zarur hollarda esa metodik ko‘mak va strategik yo‘nalish berish vositasi sifatida qaraldi.
Doktorantlarga aniq tavsiyalar berildi, dissertatsiya ishining ichki mantiqiy izchilligi, adabiyotlar tahlilidagi chuqurlik, tanqidiy fikrlash va ilmiy etikaga rioya borasidagi yondashuvlar muhokama qilindi. Ilmiy natijalarning faqatgina shaklan emas, mazmunan pishiq va akademik jamoatchilikka foydali bo‘lishi muhim ekani alohida qayd etildi.

  

Monitoring davomida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, ilmiy jadvalga jiddiy yondashmagan ayrim doktorantlar hamda ularning ilmiy rahbarlari ogohlantirildi. Universitet ilmiy muhitida mas’uliyatsizlik va e’tiborsizlikka joy yo‘qligi, har bir chorak bu — natijaviylik mezoni ekani yana bir bor eslatib o‘tildi.

  

Universitetda choraklik monitoringning bunday puxta va qat’iy olib borilishi, ilmiy faoliyatni shaffof, sifatli va izchil tarzda yuritishdagi muhim mexanizmlardan biridir. Bu esa o‘z navbatida respublikamizda shakllanayotgan yangi ilmiy madaniyatga mos, zamonaviy va raqobatbardosh tadqiqot maktabini rivojlantirishga xizmat qiladi.