Rektor yoshlar muammolariga befarq emas
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlar muammolarini tizimli hal qilish g‘oyasi bugungi kunda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun sharoitlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida muhim amaliy ishlarga keng yo'l ochdi. Joriy yilning 11-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Toshkent shahar Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi ijtimoiy og‘ir toifadagi yoshlar bilan uchrashdi.
Universitetga biriktirilgan 25 nafar yigit-qizdan yordamga muhtoj 4 nafarining yashash xonadonlariga rektor boshchiligidagi ishchi guruh borib, ularning holidan xabar oldi, avvalgi uchrashuvlarda aniqlangan muammolarni hal etilgani yoki hanuzgacha mavjudligi bo'yicha aniq ma'lumotlar o'rganildi. Jumladan, Shuhrat Sirojiddinovga biriktirilgan Madinaxon Tohirova o'zi va farzandi uchun tibbiy yordam xarajatlariga ko'maklashishni so'radi. Madinaxon o'zi yosh bo'lishiga qaramay, turmushning og'ir sinovlariga duch kelgan. U go'dak farzandi bilan ajrim yoqasida turibdi. Farzandi va o'zining xastaligi, moliyaviy jihatdan ko'makka muhtojligini aytarkan, universitet jamoasi uning holidan doimiy xabar olib turgani, ham moddiy, ham ma'naviy ko'maklashgani uchun minnatdorlik izhor qildi. Unga Universitet tomonidan moddiy ko'mak berildi va kelgusida ham kasalxona xarajatlarini qoplashda ko'mak berish taklif qilindi.
Yana bir mazkur tumanda yashovchi alohida e'tiborga muhtoj bo'lgan Turg'unov Rahmonbekning xonadoniga ham universitet ishchi guruhi bordi. Rahmonbek joriy yilda maktabni tamomlab, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetiga kirish uchun hujjat topshirgan. Unga universitet jamoasi tomonidan ingliz tili o'qituvchisi biriktirilishi aytildi. Rahmonbekka ham universitet jamg'armasidan moddiy rag'bat ajratildi.
Probatsiya ro'yxatida turuvchi Umarov Dostonning yashash manzilida bo'lgan universitet ishchi guruhi a'zolari uning onasi bilan suhbatdan so'ng yigitni har jihatdan qo'llab-quvvatlash bilan birga unga huquqiy maslahat kerakligini ta'kidladilar va bu borada o'z imkoniyatlarini ishga solishlarini qayd etdilar.
Rektor va yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan muloqotlarda yoshlarning taʼlim va tarbiyasiga koʻmaklashish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning muammolarini oʻrganish va hal etish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida fikrlar bildirildi. Ularning muammolarini ijobiy hal qilish bo‘yicha universitet mas’ullariga alohida ko‘rsatmalar berildi.