Yangiliklar

img
Mon, 04/21/2025 - 17:19

Pekin chet tillari universiteti delegatsiyasi universitetimizda

21-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga Pekin chet tillari universiteti (PChTU) delegatsiyasi tashrif buyurdi, mehmonlarni universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda Xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Ozoda Gulyamova qabul qildilar. Delegatsiya tarkibida PChTU rektori, professor Jia Venzyan, Xalqaro hamkorlik va almashinuv bo‘limi direktori He Jin, Rus tili fakulteti dekani Dai Guiju, “Ikki yetakchi daraja” va strategik rejalashtirish bo‘limi direktori Tang Zheyuan hamda Rus tili fakulteti dekan o‘rinbosari Myao Shu kabi nufuzli vakillar bor edi. Uchrashuv davomida ikki universitet oʻrtasidagi an’anaviy aloqalarni mustahkamlash, oʻzbek tili va adabiyotini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, birgalikda magistratura va doktorantura dasturlari, xususan oʻzbek tili va adabiyoti yo‘nalishida qo‘shma kurslar tashkil etish, o‘quv‑uslubiy majmualar, darsliklar va elektron resurslarni birgalikda yaratish, talabalarni stajirovka va qisqa muddatli kurslarda ishtirok etish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish, professor‑o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, ijtimoiy ish, menejment va xalqaro aloqalar yoʻnalishlari bo‘yicha qo‘shma grant loyihalarini amalga oshirish hamda xalqaro konferensiya va seminarlarni tashkil etish, shuningdek, oʻzbek tilini oʻrganish uchun interaktiv vebinarlar, MOOC kurslar va madaniy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

  

Shuni ham alohida qayd etish kerakki, 2023-yil sentyabr oyida PChTUdan kelgan Bai Yang universitetimiz doktoranturasiga qabul qilingan bo‘lib, u hozirda o‘zbek tili nazariyasi va uslubiyatini chuqur oʻrganish bo‘yicha tadqiqot olib bormoqda, bu esa ikki muassasa oʻrtasidagi akademik almashinuvning samaradorligini namoyish etadi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolab, kelgusida aniq loyihalar asosida hamkorlikni yanada kengaytirish niyatlarini bildirdilar.