Yangiliklar

img
Fri, 10/24/2025 - 17:55

O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi: tarix, bugun va istiqbol

2025-yil 24-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyida “O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi: tarix, bugun va istiqbol” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitet rahbariyati ko‘magida litseyning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi tomonidan onlayn va offlayn shaklda tashkil etildi.
Anjumanni universitet rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. Akademik o‘z nutqida o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqei, milliy tilning tarixiy ildizlari hamda bugungi globallashuv davridagi taraqqiyot yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. U o‘zbek tili xorijiy mamlakatlarda tobora keng o‘rganilayotgani, nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kurslari ochilayotgani va xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining taniqli olimlari — professor S.E. Normamatov, professor U.H. Jo‘raqulov, professor S.X. Muhamedova, professor Gulbahor Ashurova, shuningdek, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkiya davlatlaridan ilmiy ishtirokchilar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

 

Onlayn va offlayn tarzda o‘tgan yalpi yig‘ilishda o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi, milliy til siyosatining rivojlanish bosqichlari, zamonaviy o‘qitish metodlari, raqamli texnologiyalar davrida til ta’limining istiqbollari, shuningdek, mustaqillik yillarida o‘zbek tili ta’limining global miqyosda kengayishi kabi masalalar muhokama qilindi.
Anjuman yakunida faol ishtirokchilar taqdirlandi. Shuningdek, akademik litsey o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna chiqishlari tadbirga koʻtarinki ruh bag‘ishladi.

40% 

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash, turdosh xalqlar o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni kengaytirish hamda akademik Shuhrat Sirojiddinov rahbarligidagi universitet tizimida olib borilayotgan ilmiy va amaliy tashabbuslarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.