
O‘zbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondashuv
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondashuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaning rasmiy ochilishida so‘zga chiqqan ToshDO‘TAU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Normamatov Sulton universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinovning konferensiya tashkilotchilari va ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi.
Tabrik so‘zida mazkur anjumanning folklorshunoslik va dialektologiya sohasidagi ahamiyatiga diqqat qaratildi.
Anjumannning yalpi majlisini ToshDO‘TAU ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Odinaxon Jamoldinova olib bordi. Yalpi majlisda o‘zbekistonlik va xorijlik soha mutaxassislarining ilmiy ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiya “Shevalar va folklorning ilmiy muammolari xorijlik olimlar zikrida”, “Oʻzbek shevalari tadqiqotlari, dialektal leksikografiya, dialektal korpus, toponimiya va lingvokulturologiya”, Oʻzbek folklorshunosligining dolzarb masalalari va oʻrganilish tarixi”, “Folklor va adabiy aloqalar”, “Umidli tadqiqotchilar” kabi sho‘balarda o‘z ishini davom ettirdi.
Konferensiya davomida folklorshunoslik va shevashunoslikka oid soha mutaxassislari tomonidan chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Anjuman so‘ngida ma’ruzachilarga sertifikat va estalik sovg‘alari taqdim etildi.