Yangiliklar

img
Tue, 06/11/2024 - 10:57

Oʻzbek adabiyoti tarixiga bagʻishlangan seminar

2024-yil 10-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi o'zbek tili va adabiyoti universiteti O'zbek filologiyasi fakulteti Kengashi qoshidagi xalqaro nazariy-metodologik seminar bo'lib o'tdi. Bu galgi seminarda "O'zbek adabiyoti tarixi" kafedrasi professor-o'qituvchilari Furqat To'xtamuratov, Sohiba Madirimova, Gulzoda Soatovalar ma'ruza qilishdi. Ma'ruzalarda Muhsiniy devonining 7392 raqamli  qo‘lyozmasi shoir asarlarining mavjud nashrlari bilan qiyoslash natijasida ijodkorning shu paytgacha ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan 75 ta g‘azal, 1 ta murabba, 8 ta muxammas, 1 ta musaddas, 1 ta musamman, 1 ta qasida, 2 ta masnaviy, 1 ta maktub, 1 ta ruboiy, 7 ta ta’rix janrlariga doir jami 2241 misra yangi she’rlarini aniqlangani, bundan tashqari, shoir devonining “Barhayot gulshan” nomi bilan chop etilgan nashridagi ayrim she’riy asarlardan tushirib qoldirilgan misralar, baytlar va bandlar aniqlanib, turli janrlardagi she’rlarning ishonchli matnlari tiklangani haqida muhim ma'lumotlar berildi. Murodiy hayot yo‘li va ijodiy merosi haqidagi ma’ruzada XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab ijod etgan zullisonayn shoir – To‘ramurod to‘ra Sayyid Muhammadxon o‘g‘li va uning lirik merosi manbalari haqida fikr yuritildi. Shuningdek, Muhammad Yusuf Bayoniyning “Shajarayi Xorazmshohiy”, “Haft shuaro” hamda Hasanmurod Laffasiyning “Tazkirayi shuaro” asarlari asosida shoir hayoti va ijodiga doir ma’lumotlar yoritilib, ular matnshunoslik va adabiy manbashunoslik aspektida tadqiq qilindi. Manbalar qiyosiy o‘rganilib, mulohazalar ilmiy asosda ko‘rsatib berildi. To‘ramurod to‘ra Sayyid Muhammadxon o‘g‘li Murodiy taxallusida ijod qilgani, uning 28 ta she’ri haqida qimmatli ma’lumotlar berilib, she’rlaridan namunalar keltirildi. 

 

Asosiy e’tibor shoir biografiyasi hamda uning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti asosiy fondda saqlanayotgan 906/VII raqamli qo‘lyozma hamda №10374 raqamli toshbosma, ya’ni, “Haft shuaro”dan o‘rin olgan she’rlari haqida ma’lumot berishga qaratilgan. 1960-yildan keyin yozilgan bir qancha ilmiy tadqiqotlardagi Murodiy hayoti va ijodiga doir qaydlardan ham foydalanildi. Ular haqida umumlashma fikrlar bildirildi. Bundan tashqari, ma'ruzalardan birida XX asrning 20-30-yillarida yashab o'tgan  ijodkor Bois Qoriyev (Oltoy) ning hayot yo'li va ijodi haqida fikr yuritildi. Oltoyning ijodi haqida to'xtalinib,  "O'zgarishchi yoshlar", "Maorif va o'qitg'uvchi", "Alanga" kabi jurnallar va "Qizil O'zbekiston", "Turkiston" kabi gazetalarda nashr etilgan she'rlari, hikoyalari, maqolalari tahlilga tortildi. Oltoyning maqolalari tasniflanib, "Adabiy taxalluslar", "Ko'mak uyushmasi", "O'rta maktablarda til va adabiyot darslari to'g'risida" nomli maqolalar ustida mulohazalar bildirildi. Ma'ruzachilarga fakultet professor- o'qituvchilari savol va fikr-mulohazalarini bildirishdi. Xalqaro nazariy-metodologik seminar "Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik" kafedrasi tomonidan tashkil etildi.