Yangiliklar

img
Sun, 12/08/2024 - 15:17

Oʻzaro hamkorlikning yangi marralari

Joriy yilning 6-8 dekabr kunlari Xitoyning Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida "Inson taraqqiyoti uchun texnologiya, til, oliy ta'lim" mavzusida xalqaro forum bo'lib o'tdi. Ushbu forumda dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi olimlar, ekspertlar va ta‘lim sohasi mutasaddilari ishtirok etdi. Ular qatorida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova ham bo'lib, olima O'zbekistondagi Oliy ta'lim sohasidagi tub islohotlar, xalqarolashtirish jarayonining shiddati va jamiyatni barqarorlashtirishda universitetlarning roli haqida ma'ruza qildi.
Forumning asosiy maqsadi – texnologiya, til va oliy ta‘limning inson taraqqiyotidagi o‘zaro bog‘liqligini o‘rganish, ilg‘or tajribalar almashish hamda global ta‘lim tizimini rivojlantirishga doir istiqbolli takliflarni ishlab chiqishdir. Tadbir davomida til o‘rgatishning zamonaviy metodlari, sun‘iy intellekt va raqamli texnologiyalarning ta‘limdagi o‘rni, shuningdek, ta‘lim jarayonida madaniyatlararo muloqotning ahamiyati kabi mavzularda muhokamalar olib borildi.
Mazkur forum texnologiya va til orqali insoniyat taraqqiyotini jadallashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, global miqyosda ta‘limning rivojlanishi va integratsiyasini ta‘minlashga qaratilgan. Tadbir yakunida qabul qilinadigan rezolyutsiya va tavsiyalar kelgusida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

  

Aytish joizki Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti ToshDO'TAUning asosiy hamkorlaridan biridir. Mazkur universitetda o'zbek tili yo'nalishi mavjud va ushbu yo'nalishda ToshDO'TAU olimlari talabalarga o'zbek tili va madaniyatidan saboq berib kelishadi. Hozirda bu vazifa universitetning yosh o'qituvchisi Muazzam Dadaxonova zimmasiga yuklatilgan bo'lib, tashrif davomida N.Normurodova uning darslarida ham ishtirok etdi. O'zbek tili darslarining sifati, mavzu mundarijasini yanada takomillashtirish bo'yicha o'z tavsiyalarini berdi.

  

Shuningdek, universitetimiz prorektori O'zbekistonda o'qish istagini bildirgan yoshlar bilan uchrashib, ularga ToshDO'TAU ilmiy tadqiqot yo'nalishlari va o'qish shartlari bilan tanishtirdi.
Shundan soʻng Nozliya Normurodova Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti prorektori Lin Xyuli bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, ToshDOʻTAUda xitoy tilini oʻqitish, xitoylik talaba va tadqiqotchilarning almashinuvini yoʻlga qoʻyish, birgalikni yirik ta’limiy loyihalar tayyorlash kabi muhim masalalar boʻyicha suhbatlashdilar.