
Oksford universitetida “Oʻzbekshunoslik dasturi”ning taqdimoti boʻlib oʻtdi
2025-yil 14-oktabr kuni Buyuk Britaniyaning nufuzli ilmiy markazi — Oksford universitetida “Oʻzbekshunoslik dasturi”ning rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Nozliya Normurodova, shuningdek Oksford universitetining professor-oʻqituvchilari, Britaniya tashqi ishlar va ta’lim doiralari vakillari, diplomatlar hamda Oʻzbekiston delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan madaniy-ma’rifiy diplomatiya siyosatining mantiqiy davomi, milliy ilm-fan, ta’lim va madaniyatning jahon miqyosida yangi bosqichga koʻtarilganining yaqqol isbotidir.
Dastur “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Oxford Birsoz Initiative va ToshDOʻTAU hamkorligida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, u Oksford universiteti tarixida ilk bor oʻzbek tili, adabiyoti, madaniyati, tarixi va antropologiyasini kompleks tarzda oʻrganishga qaratilgan akademik yoʻnalish sifatida e’tirof etildi.
Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU ushbu dasturda asosiy akademik va metodologik hamkor sifatida faol ishtirok etmoqda. Universitet olimlari oʻquv dasturi, ta’lim mazmuni va metodik konsepsiyalarni ishlab chiqishda bevosita hamkorlik qilmoqda. Shu bilan birga, dastur doirasida ToshDOʻTAU professor-oʻqituvchilari Oksfordda dars berish, ilmiy izlanishlar olib borish va ilgʻor ta’lim texnologiyalarini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Loyihaning yana bir muhim jihati — ToshDOʻTAU tomonidan ishlab chiqilgan “UzAcademy” raqamli platformasining Oksford universiteti ta’lim tizimiga integratsiya qilinishidir. “UzAcademy” — bu faqat til oʻrganish vositasi emas, balki oʻzbek tili, tarixi, adabiyoti, san’ati, urf-odatlari va ilm-faniga oid boy ma’lumotlarni oʻzida mujassam etgan raqamli ta’lim ekotizimidir. Mazkur integratsiya Oʻzbekistonda yaratilgan intellektual mahsulotlarning xalqaro ta’lim makoniga chiqishida yangi sahifa ochdi.
Oksforddagi “Oʻzbekshunoslik dasturi” — bu shunchaki yangi oʻquv yoʻnalishining tashkil etilishi emas, balki madaniyatlararo muloqot, intellektual hamkorlik va ma’rifiy diplomatiyaning yangi bosqichidir. U nafaqat Oksford talabalari uchun, balki butun jahon ilmiy hamjamiyati uchun Oʻzbekistonning boy madaniy-ma’naviy merosini chuqur oʻrganish imkonini yaratadi.