Yangiliklar

img
Tue, 07/19/2022 - 14:08

Millatni ma’rifatli qilish taraqqiyotga erishish yo‘lidir

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi organi “Xalq so‘zi” gazetasining 13.07.2022 sonida O‘zRFА Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori,  filologiya fanlari doktori, professor Jabbor ESHONQULOVning “Fikr tarbiyasi hamjihatlik, milliy uyg‘onish va taraqqiyot zaminidir” nomli dolzarb maqolasi chop etilganligi bilan muborakbod etamiz.
  Odam o‘zgarmagunicha, olam o‘zgarmaydi, deyishadi mashoyihlar. Yaʼni inson tafakkuri o‘zgarmas ekan, uni qurshab turgan muhitdagi o‘zgarishlar samara bermaydi. 
 Аlisher Navoiy bobomiz taʼbiri bilan aytganda:
 Har ishniki qildi odamizod, 
 Tafakkur birla bildi odamizod.
  Inson nimagaki yetishgan bo‘lsa, u idrok bilan erishdi. Uning ong-u shuuri, tafakkurining yuksalishida milliy qadriyatlarning alohida o‘rni bor. Olis tarixdan bugunga qadar turli ellar, elatlar, mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, nizolarga inson maʼnaviyati, idroki, tafakkuri bilan bog‘liq muammolar asos bo‘lgani hech kimga sir emas.
  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha insonlarga murojaatida taʼkidlaganidek, “...mamlakatimizda yashayotgan turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, go‘zal diyorimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni taʼminlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish barchamizning, avvalo, rahbar va mutasaddilarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas insoniy burchidir”. 
  Tarixning hali yozuv bo‘lmagan davrlardagi eng qadimgi xotiralardan so‘zlovchi xalq og‘zaki ijodi bizga ko‘p saboq beradi. Boysari va Boybo‘ri munosabatida davlatchilik faqat inkor yoki eʼtirofga qurilganligiga ishora bor. Bu yerda Boysarining inkori mamlakatning bo‘linib ketishiga olib keladi
  Аgar bugungi kunimizga ham epos sabog‘i bilan ko‘z tashlasak, unda xulosa qilishimiz kerak bo‘lgan ko‘plab muammolar ayonlashadi. Bugun ijtimoiy munosabatlarga sinchiklab qaralsa, xuddi Boybo‘ri va Boysaridagi inkor va eʼtirof holatiga duch kelamiz. Bu, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘zga tashlanadi.
  Eʼtirof va inkorni bir nuqtaga birlashtirish, uyg‘unlashish uchun jamiyatning o‘zi maʼnan yuksak bo‘lishi, avvalo, bilim, maʼrifat, madaniy ong jihatdan bu uyg‘unlikka o‘zi tayyor bo‘lishi zarur.
  Ertangi kungi ilgʼor taraqqiyotga asos bo‘ladigan ongli jamiyatni maʼrifiy, ilmiy, madaniy ong darajasi belgilaydi. Qaysi jamiyat taraqqiyotga erishgan bo‘lsa, bu uning ilm-fan, maʼrifatga, taʼlimga bo‘lgan yangicha munosabati tufayli erishganini juda uzoq ketmay, Yaponiya, Malayziya, Janubiy Koreya misolida ko‘rishimiz mumkin
 Maʼrifatsiz jamiyat hech qachon rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi. “Madaniyatli jamiyat” — bu maʼrifatli jamiyat, bu insoniylikka, gumanizmga yaqinlashgan jamiyat degani.
  Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda: “Insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi — maʼnaviyat chirogʼi bor. Bu chiroqning boshqalardan farqi shuki, u insonning ongi va tafakkurini yoritadi, qalbi, vijdonini uyg‘otadi, odamiylik hissini kuchaytiradi”.
   Inson qadri qayerda baland bo‘lsa, o‘sha jamiyatda demokratik erkinliklar ham bo‘ladi. 
 Аyni yilimiz nomiga davlatimiz rahbari “Inson qadrini ulug‘lash” degan sifatni ham bejiz qo‘shmadi. “Inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash demakdir”, dedi Prezidentimiz.
  Bilim va maʼrifatni keng ommaga yoyish, uni har bir odamning yashash tarziga aylantirish uchun aynan ilm va maʼrifat sohasidagilarning jamiyatdagi o‘rnini yuksakka ko‘tarish lozim. 

Аgar biron murvat ishlamay qolsa, soat yo ishlamaydi yoki vaqtni noto‘gʼri ko‘rsatadi. Milliy taraqqiyot xuddi soat kabi jamiyatning barcha murvati harakatda bo‘lishini talab qiladi. Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan xoh siyosiy, xoh iqtisodiy, xoh maʼnaviy islohotlar bo‘lsin, barchasining tagida milliy taraqqiyot uchun jamiyatning barcha “murvatini” harakatga keltirish, buning uchun millatni maʼrifatli qilish saʼy-harakati yotadi.