
Malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash mavzusida seminar
Universitetimizda pedagog-xodimlar uchun o‘tkazib kelinayotgan maxsus seminar-treninglar doirasida 6-yanvar kuni Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi tomonidan ham sohaga oid taqdimot namoyish etildi.
Unda bo‘lim boshlig‘i Ergash Boborajabov “Pedagogning ilmiy innovatsion faoliyatini rivojlantirish, KPI talablari bo‘yicha yangi mezonlar” mavzusida ma’ruza qildi. Taqdimot davomida 2023-yil davomida universitet ilmiy hayotida yuz bergan yangiliklar va yutuqlar, tayanch doktorantlar (PhD), doktorantlar (DSc), stajyor-tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy faoliyati samaradorligi bo‘yicha har chorakda monitoring o‘tkazib kelinayotgan monitoring natijalari e’lon qilindi. Universitet professor-o‘qituvchilarining faoliyat samaradorligining muhim ko‘rsatkichlarini baholash (KPI) mezonlarining yangi formatlari haqida axborot berildi.
Shuningdek, bugungi seminar yig‘ilishida O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari doktori Ilyos Ismoilov “Dissertatsiya va uning avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari” hamda “Dissertatsiyalar ilmiy natijalarini amaliyotga joriy etish masalalari” mavzusidagi taqdimot ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Unda dissertatsiya va avtoreferatni rasmiylashtirishning huquqiy asoslari, dissertatsiyani rasmiylashtirish qoidalari, dissertatsiyaga qo‘yiladigan talablar xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ma’ruza so‘ngida professor-o‘qituvchilar tomonidan berilgan barcha savollarga o‘z o‘rnida javoblar qaytarildi.