Yangiliklar

img
Sat, 07/16/2022 - 16:46

Konstitutsiyaviy islohotlar - yangilanish davri da'vati

Oʻzbekiston barcha sohada taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam tashladi. Bugun esa jamiyatimiz yanada masʼuliyatli vazifa- amaldagi Konstitutsiyani isloh qilishdek tarixiy voqelik arafasida turibdi. Ko‘z oldimizda Yangi O‘zbekistonning huquqiy ustuni- bosh qomusimiz takomillashtirilmoqda. Har bir fuqaro, har bir o‘zbekistonlik bu muhim jarayonda ishtirok etmoqdaki, konstitutsiya xalq istaklarini, xalq farovonligini kafolatlovchi hujjat ekanini yaxshi bilamiz. 

2022-yil may oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini e’lon qilgan edi. Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ushbu qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 1-avgustga qadar uzaytirish boʻyicha qaror qabul qildi. Bu o‘z navbatida bosh qomusimizning har bir bandi, har bir jumlasi ustida chuqur o‘ylashga, xalq xohish-istaklarini o‘zida ifoda etuvchi mukammal qonunlar to‘plami yaratishga imkon beradi.

 Tabiiyki,  Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga ToshDOʻTAU ham befarq emas. Mazkur siyosiy jarayonda hamda davlat tilining siyosiy va ijtimoiy mavqeyini yanada mustahkamlash, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish borasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ko‘plab amaliy ishlarni olib bormoqda.   Xususan, joriy yilning 14-iyul kuni ToshDO’TAU rektori Shuhrat Sirojiddinov tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yana bir bora ko’rib chiqildi. 

Ushbu siyosiy jarayonda universitet o‘z ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda tayyorlagan takliflarini qayta toʻldirib umumlashtirdi va takomillashtirdi. Takliflar nafaqat o‘zbek tiliga daxldor bo‘lgan huquqiy asoslar, balki inson huquqlari, ijtimoiy sohalardagi faoliyat,  jamiyat hayotidagi muhim jihatlarni qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir. 

Zero, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va  adabiyoti universiteti davlat va jamiyat hayotidagi muhim jarayonlarda hamisha faol.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy Konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyaning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.  

Bu muhim siyosiy jarayonda ziyolilarimiz oldinga safda bo‘lishlari shart.  Zotan,  millat va davlat taqdiriga befarq bo‘lmagan har qanday kishi o‘zi hamda avlodlari kelajagi to‘la kafolatlanishini istaydi. Qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati uzaytirilishi esa,  har bir taklif ustida jiddiy o‘ylashga,  demokratik islohotlarning muhim shartlariga amal qilishga imkon yaratadi.