Yangiliklar

img
Fri, 01/12/2024 - 11:59

Ilmga baxshida umr

Serqirra ijod sohibi, taniqli pedagog Hamidjon Homidiy (Homidov) 1935-yil 4-oktabrda Namangan viloyatining Kosonsoy shahrida etikdo‘z oilasida tug‘ilgan. Padari buzrukvori Abduhamid Xoliqzoda Buxoro va Qo‘qon madrasalarini tugatgan, mulla bo‘lgan. Ota-onasidan erta ajralgan Hamidjon Homidiy o‘rta maktabni tugatgach, shahar bosmaxonasida harf teruvchi, tuman gazetasining mas’ul kotibi bo‘lib ishlagan. Hamidjon 1955-1960 yillari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining “Tarix – filologiya” fakultetida tahsil ko‘rgan.
Bo‘lajak zullisonayn ijodkor Hamidjon Homidiy institutning O‘zbek tili kafedrasida o‘qituvchi, “Pedagog” gazetasida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. U 1963-1967-yillar davomida O‘zbek adabiyoti kafedrasi aspiranturasida o‘qidi; 1968-yili nomzodlik, 1990-yili doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Sharq adabiyotining donishmandi, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi N.M.Mallayev unga rahnamo bo‘lgan. 1992-yili olimga professorlik unvoni berilgan. U 1982-2010-yillarda universitetning “Hozirgi o‘zbek adabiyoti” hamda “O‘zbek klassik adabiyoti” kafedralarini boshqardi. Hamidjon Homidiy manbashunos olim sifatida “Dorobnoma”, Shoh Hijron “Shohnoma”si, “Barzo‘noma”, “Dinkard”,  “Tazkirat-ul-avliyoi turkiy”, “Motirudiy pandnomasi” singari sarchashmalarni ilk bor ilmiy iste’molga olib kirdi; Sharqning buyuk  mashoyixlari  haqida o‘ziga xos tazkira yaratdi, daho bobokalonlarimiz xususida ilmiy – badiiy ocherklar yozdi.
Ikki tilda barobar ijod qiladigan olim H.Homidiy ijodiy bisotini to‘rt yo‘nalishdagi tadqiqotlar tashkil qiladi. Ular manbashunoslik, tasavvuf tarixi, Sharq mutafakkirlarining ijodiy merosi, avestoshunoslik kabi ko‘p masalalarni qamrab oladi. Shundan kelib chiqib olim olib borgan ilmiy kuzatishlarni quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lib tasnif etish mumkin.
1. Firdavsiy va o‘zbek adabiyoti. Aspirantlik yillaridanoq mazkur muammoni adabiy o‘zaro ta’sir, an’ana va o‘ziga xoslik tizimida tadqiq etishga kirishgan muallif faqat qo‘lyozma manbalarga suyanib ko‘plab ilmiy maqolalar e’lon qildi; “Barhayot she’riy qasr”, “Boqiy bo‘ston tarovati”, “Borbad Marvaziy”, “Shohnomaning shuhrati”, “Firdavsiy va o‘zbek adabiyoti”  singari kitoblarini chop ettirdi; “Shohnomai turkiy”, “Qissai Siyovush”ni nashrga tayyorladi;  bir necha qo‘lyozma manbalarni ilmiy iste’molga olib kirdi.
2. Sharq mutafakkirlari ijodini tadqiq va targ‘ib etish. Bu jabhada tadqiqotchi o‘zbek, tojik, rus, qozoq tillarida 50dan ziyod maqolalar e’lon qildi; “Olis yaqin yulduzlar”, “Qirq besh alloma hikoyati”, “Ajdodlar sabog‘i –aql qayrog‘i”, “Ko‘hna Sharq darg‘alari”, “Daholar davrasi”, “Misliteli Vostoka” kitoblarini nashr qildirdi.
3. “Avesto”-ma’naviyatimiz sarchashmasi. Ma’lumki, 2001 yili ajdodlarimizning uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy yodgorligi “Avesto” yaratilganining 2700 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Shu munosabat bilan olim H.Homidiy ham dunyo avestoshunosligining ulkan yutuqlaridan bahramand bo‘lib, yodgorliknnig 2 jildlik forsiy nashri, “Bundaxishn”, “Dinkard” singari  ko‘hna yodgorliklar, 4 jildlik “Avesto lug‘ati”ga suyanib ko‘plab maqolalar yaratdi; maxsus teleko‘rsatuvlar uyushtirdi, ikki qismdan iborat “Axuramazda elchisi” telefilmini yaratdi;  Mazdoparastlik dinining asoschisi shoir, olim,  tabib va jamoat arbobi Spitamen Zardushtning fanimizda ilk bor ilmiy biografiyasini yaratdi; “Avesto fayzlari”, “Avesto va tibbiyot” (hammuallif), “Avestoning ilmiy va adabiy qimmati”, “Avestodan Shohnomaga” kitoblarini ommalashtirdi; “Bundaxishn”ni rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi.
4. Mustaqillik yillarida H.Homidiy milliy, madaniy meros, milliy qadriyatlar, jumladan, Sharq mashoyixlari haqida gazeta hamda jurnallarda maqolalar chop ettirdi, eshittirishlar tashkil etdi. So‘ngra esa “Tasavvuf allomalari”, “Tasavvuf Qaraniydan Rushdiygacha” kitoblarini keng ilm-adab ahli e’tiboriga havola qildi. Bu asarlarning barchasi soha donishmandlari tomonidan e’tirof etilib, yuqori baholangan.
Shuningdek yana turli yillarda olimning “Mehridan sarob bo‘lganlarim”, “Gumanizm kuychisi”, “Barhayot she’riy qasr”, “Mashriqzamin – hikmat bo‘stoni” (hammuallif), “Namangan adiblari” (hammuallif), “O‘zbek adabiyoti”, “Kosonsoy tarixi” (hammuallif), “Nizomiy dilbandlari”, “Ustozlar sabog‘i – aql chirog‘i”, “Yillar samari”, “Poktiynat siymolar” singari jami o‘ttizdan ortiq kitoblari nashr etilgan. U bir necha ilmiy daraja beradigan ixtisoslashgan kengashlarning a’zosi bo‘lgan. Hamidjon Homidiy iqtidorli yoshlarning mehribon  rahnamosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Professor H.Homidiy 30dan ziyod nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga opponentlik qilgan;  o‘nga yaqin yosh tadqiqotchilar uning rahbarligida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.
Nuktadon olim Hamidjon Homidiy saliqali mutarjim sifatida ham  zahmat chekib kelayotir. U rus, fors, tojik tillaridan “Safarnoma”, “Yetim”, “Qoracha qiz”, “Nishonga tegmagan o‘q”, “Ko‘hna odamlar”, “Hudud-ul-olam”, “Muqanna isyoni”, “Temur Malik” “Qaysar chumchuq”, “Vafodor arg‘umoq”,  “Shohnoma” (saylanma dostonlarning nasriy bayoni) singari o‘ndan ziyod asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Muallifning hikoya va hikoyatlari kitoblariga kirgan, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Sog‘lom avlod uchun” jurnallari hamda gazetalarda e’lon qilingan. Hamidjon Homidiy 1991- yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
Bundan tashqari olim bir necha darslik, dastur  va o‘quv qo‘llanmalarining muallifi hamdir. Turli ilmiy to‘plam, jurnal hamda vaqtli matbuotda olimning 500 dan ortiq ilmiy va ilmiy ommabop maqolalari e’lon qilingan. Hamidjon Homidiyning ilmiy maqolalari Tehron, Boku, Olmaota, Dushanbe, Xo‘jand shaharlaridagi majmua hamda qomuslardan ham o‘rin olgan.
Hamidjon Homidiy “Do‘stlik” ordeni, “Mustaqillikning 15 yilligi”, ikki marta (1972-1984) “Xalq maorifi a’lochisi” nishonlari hamda bir necha Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.