
Hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda
25-iyun kuni Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA) tomonidan 2025 KOICA Ko‘ngillilar dasturi doirasida hamkor tashkilotlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari Durdona Ermatova va Kamola Abdullayeva ishtirok etdi. Uchrashuvda KOICA bilan hamkorlikdagi loyihalar, koreyalik ko‘ngillilarning faoliyati va kelajakdagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Shuningdek, tashkilotlar ehtiyojlari, hamkorlik shartnomalari va moliyalashtiriladigan loyihalarni qo‘lga kiritish bo‘yicha savollar atroflicha o‘rganildi.
ToshDO‘TAU va KOICA o‘rtasidagi hamkorlik 2022-yilda imzolangan memorandum asosida boshlangan bo‘lib, bir necha yildan buyon muvaffaqiyatli davom etmoqda va doimiy ravishda mustahkamlanmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida KOICA ko‘ngillilari ToshDO‘TAUda o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganmoqda. Masalan, 2024-yil yanvar oyidan boshlab 9 nafar koreyalik ko‘ngilli universitetda o‘zbek tili (A1, A2 darajalari) va o‘zbek madaniyati bo‘yicha maxsus kurslarda tahsil olmoqda. Bu kurslar ko‘ngillilarga O‘zbekiston madaniyatini chuqur anglash va mahalliy muhitga moslashish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, ToshDO‘TAU talabalari KOICA tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan koreys tili dasturlari orqali xalqaro ta’lim imkoniyatlaridan foydalanmoqda.
KOICA O‘zbekistonda ta’lim, sog‘liqni saqlash va kasb-hunar sohasida ko‘plab loyihalarni moliyalashtiradi. ToshDO‘TAU ushbu loyihalarda faol ishtirok etib, ayniqsa, koreys tili va madaniyati bo‘yicha o‘quv dasturlarini rivojlantirmoqda. Uchrashuvda universitet vakillari koreys tili, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kasb-hunar o‘qitish kabi 6 yo‘nalish bo‘yicha loyiha arizasi topshirish uchun zarur ko‘nikmalar va qo‘llanmalar haqida ma’lumot taqdim etdi.
KOICA O‘zbekiston ofisi direktori Shin Myung Seop ToshDO‘TAU bilan hamkorlikning bir necha yildan buyon muvaffaqiyatli davom etayotganini va doimiy ravishda mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, kelajakda ta’lim va ijtimoiy sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirdi. Uchrashuvda, shuningdek, koreys tili o‘quv dasturlarini kengaytirish, KOICA ko‘ngillilarini jalb qilish orqali talabalarga yangi imkoniyatlar yaratish va o‘zbek madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu hamkorlik ToshDO‘TAUning xalqaro nufuzini oshirish, o‘zbek va koreys madaniyatlari o‘rtasidagi ko‘prikni mustahkamlash va O‘zbekiston ta’lim tizimini globallashuv talablariga moslashtirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.