Yangiliklar

img
Thu, 04/03/2025 - 16:41

Gumboldt universiteti olimlarining ilmiy ma'ruzalari

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Germaniyaning Gumboldt universiteti oʻrtasidagi akademik hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar asosida Gumboldt universitetining Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti yetakchi olimlari Ayfer Durdu va Manja Stefan universitetga tashrif buyurishdi.
Mazkur tashrif doirasida ToshDOʻTAU olimlari, tadqiqotchilari va talabalar uchun qator ilmiy va ta’limiy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Gumboldt universiteti vakillarining universitet jamoasi bilan uchrashuvi chogʻida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish hamda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Gumboldt universiteti olimi Manja Stefan ToshDOʻTAU ilmiy tadqiqotchilari va professor-oʻqituvchilari uchun maxsus ma’ruza oʻqidi. Ma’ruzada Gumboldt universiteti tarixi, uning ilmiy an’analari, xususan, Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti (OATI) faoliyati va missiyalari haqida batafsil ma’lumot berildi. U OATI ning ilmiy tadqiqot yoʻnalishlari, Osiyo va Afrika tillari va madaniyatlarini oʻrganishdagi yutuqlari, hamda institutning xalqaro akademik hamkorlik borasidagi tajribasiga alohida toʻxtaldi.

  

Bundan tashqari, Manja Stefan zamonaviy tilshunoslik tadqiqotlari, madaniyatlararo muloqot va filologik tahlilning yangi metodlari haqida fikr yuritdi. Tadbir ishtirokchilari ushbu ma’ruzada faol qatnashib, Manja Stefanga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

  

Tashrif doirasida ToshDOʻTAU va Gumboldt universiteti oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratish boʻyicha kelishuvlar amalga oshirildi. Ushbu hamkorlik ikki universitet oʻrtasida tajriba almashish va ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.