
Dolzarb ilmiy mavzularda ma'ruzalar tinglandi
2023-yil 25-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti Kengashi qoshidagi xalqaro nazariy-metodologik seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda filologiya fanlari doktori, professor Manzar Abdulxayrov “Qutadg‘u bilig”: tabdil, tahlil, talqin”, Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi Azamat Xayrullayev “Normurod Norqobilov hikoyalarida biografik unsurlar” mavzularida ma’ruza qildi. Filol. f.d., professor M.Abdulxayrov o‘z ma’ruzalarida “Qutadg‘u bilig” asarining tabdillari haqida gapirib, filol.f., doktori Qayumjon Karimov, Fazliddin Ravshan, yozuvchi Emin Usmon tomonidan qilingan tabdillarni qiyosiy o‘rganib, fikr-mulohazalarini bildirdi. Ma’uzachi Azamat Xayrullayev Normurod Norqobilov hikoyalarida biografik unsurning yetakchilik qilishi haqida atroflicha to‘xtalib, ijodkor onasidan eshitgan ertaklari, tabiatga yaqinligi, hayvonat olamini uzoq kuzatishi holatlari hikoyalarida aks etganini ta’kidladi. Ma’ruza yuzasidan, filol.f.d., prof. B.Abdushukurov, filol.f.d., prof. U.Jo‘raqulov, filol.f.d., prof. I.Adizova, filol.f.d., prof. D.Yusupovalar savollar berdi. Seminarda fakultet professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Qizg‘in bahs-munozara tarzida o‘tgan seminar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.