Yangiliklar

img
Sat, 04/05/2025 - 22:19

Doktorant va mustaqil izlanuvchilar uchun choraklik monitoring oʻtkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2025-yilning birinchi choragi yakuni munosabati bilan doktorant va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati yuzasidan navbatdagi choraklik monitoring jarayoni oʻtkazildi. Monitoring uch bosqichda amalga oshirilib, uning umumiy jarayoniga Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova rahbarlik qildi.
Birinchi bosqichda Innovatsion rivojlanish agentligining maxsus elektron platformasi orqali tadqiqotchilar tomonidan chorak davomida bajarilgan ilmiy ishlar, nashr etilgan maqolalar, konferensiyalarda ishtirok va boshqa faoliyatlar yuzasidan hisobotlar yuklandi. Har bir doktorantning ilmiy rahbari esa ushbu ma’lumotlarning haqqoniyligini tasdiqladi.
Ikkinchi bosqichda doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning taqdim etgan hisobotlari universitet komissiyasi tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi. Ilmiy natijalar, dissertatsiya mavzusiga muvofiqligi, xalqaro va respublika miqyosidagi faol ishtiroki, xorijiy nashrlarda maqola chop ettirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar alohida e’tiborga olindi.

  

Uchinchi bosqichda esa komissiya a’zolari va Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Nozliya Normurodova har bir tadqiqotchi bilan individual suhbat oʻtkazdi. Suhbatlar davomida ilmiy izlanishlarda yuzaga kelgan muammolar, mavjud resurslardan foydalanish, ilmiy rahbar bilan hamkorlik samaradorligi hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Prorektor tomonidan zarur metodik ko‘rsatmalar va motivatsion tavsiyalar berildi, faoliyatida sustkashlik kuzatilgan izlanuvchilarga esa aniq topshiriqlar yuklatildi.

  

Mazkur monitoring jarayoni universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatining shaffof, tizimli va natijadorligini ta’minlashga xizmat qilib, yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.