Davlat stipendiyalari uchun nomzodlar sinovdan oʻtkazildi
Joriy yilning 17-19-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomdor davlat stipendiyalariga talabgorlar uchun sinovlar bo‘lib o‘tdi. Aytish kerakki, bu yil talabgorlar soni ancha oshgan va shuning barobarida sifat jihatidan ham o‘tgan yillarga qaraganda anchagina oʻsish kuzatildi. 3 kun davom etgan imtihonlar quyidagi tartibda bo‘ldi:
1-kun. Xorijiy til fanidan imtihon o‘tkazildi. Bunda imtihon suhbat shaklida o‘tkazilib, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Xalqaro Nordik universiteti va xalqaro maktabda faoliyat yuritadigan o‘qituvchilardan iborat hakamlar hay‘ati shakllantirildi. Imtihon 3 bosqichga bo‘linib, 1-qismda talabalar o‘zlarining tarjimayi hollari, o‘qish faoliyati va qiziqishlari haqida, 2-qismda ilmiy izlanishlari va kelajakdagi rejalari haqida monolog shaklida nutq so‘zlashlari, 3-qismda esa umumiy dunyoqarashni bilishga qaratilgan savollarga javob berishlari talab etildi. 100 ballik mezonda baholangan ushbu imtihonda talabalar ingliz, fransuz va arab tillaridan birini tanlab imtihon topshirdilar.
2-kun. O‘zbekiston tarixi fanidan imtihon ham suhbat shaklida o‘tkazildi, hakamlar sifatida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tarix fani va "Pifagor" NTM huquq fani o‘qituvchilari taklif etildi. Imtihon uchun savollar O‘zbekiston Milliy universiteti, Chirchiq davlat pedagogika instituti va Samarqand davlat chet tillari instituti ma'lumotlari asosida shakllantirilib, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidan ekspertlar xulosasi olindi. Muhrlangan savollar solingan konvert talabalar va hakamlar hay‘ati ko‘z oldida ochildi hamda jarayonda talabgorlar jami 3 ta: 2 ta O‘zbekiston tarixi va 1 ta O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangilangan tahririga oid savollarga javob berishi so‘raldi.
Har ikkala imtihonda ham Adabiyotshunoslik: adabiyot nazariyasi mutaxassisligi 2-kurs magistri, universitetdagi Yosh filolog olimlar jamiyati raisi Yusupov Samandar komissiya raisi sifatida jarayonlarning adolatli, shaffof tarzda o‘tkazilishini kuzatib bordi.
3-kun. Talabalarning ilmiy-ijodiy ishlari, ma‘naviy-ma‘rifiy yutuqlari va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari jami 100 ballik mezonda baholandi. Bunda Yusupov Samandar boshchiligida o‘tgan o‘quv yillarida nomdor stipendiyalar sovrindorlari va universitetning faol, izlanuvchan magistr talabalaridan iborat hakamlar hay‘ati shakllantirildi.
Jarayonlarni ZOOM platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri jonli tarzda kuzatish imkoniyati yaratildi.
Aytishimiz mumkinki, bu yilgi qatnashayotgan talabgorlar, o‘zlarining bilim salohiyati, maqolalarining dolzarbligi, nutq so‘zlash chog‘ida o‘z fikrlarini dadil va to‘liq ayta olishlari bilan hakamlarni lol qoldirishdi. Barcha jarayonlar yakunlangandan so‘ng natijalar umumlashtirilib, Ilmiy kengashga taqdim etildi.