Boburshunos olima universitetga tashrif buyurdi
2022-yil 11-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga mashhur turk olimasi, Istanbulning Mimar Sinan nomidagi Inja san’atlar universiteti professori, filologiya fanlari doktori, navoiyshunos hamda boburshunos Tanju Oral Seyhan tashrif buyurdi. Turkiy adabiyotning sultoni Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bo‘yicha Turkiyada katta bir davrni o‘z ichiga olgan navoiyshunoslik maktabi shakllangan bo‘lib, olima uning yirik vakillaridan biridir. Olimani Oʻzbek adabiyoti tarixi va folklor hamda Til nazariyasi kafedralari oʻqituvchilari kutib olishdi, ular o‘rtasida qizgʻin suhbat bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari olima O‘zbek filologiyasi fakulteti 2-kurs talabalariga Navoiyshunoslik fanidan ma'ruza o'tdi. Ma’ruzada Tanju Seyhan o‘z ilmiy faoliyati haqida gapirib, jumladan, 1979-yildan beri Alisher Navoiy hayoti va ijodi bilan shug‘ullanib kelayotgani, Boburning “Aruz” risolasini nashrga tayyorlagani, matnshunoslik, tilshunoslik faoliyatiga doir ishlari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Talabalar olimani diqqat bilan tingladi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ma'ruza davomida talabalar Alisher Navoiy g‘azallaridan o‘qishdi hamda olima bilan birgalikda tahlil qilishdi.