Yangiliklar

img
Fri, 02/09/2024 - 14:40

“Alisher Navoiy va XXI asr” uluslararo konferansi bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan har yili “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida uluslararo konferansi o‘tkazib kelinmoqda. Dastlabki yetti konferans Toshkentda, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda o‘tkazildi. Shu davr mobaynida Alisher Navoiyning hayoti va ijodi to‘g‘risida yuzlab tadqiqotlar e’lon qilindi, dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab olimlar Navoiy yurtida jam bo‘ldilar. 
2023-yildan e’tiboran mazkur konferans O‘zbekistondan tashqarida o‘tkazila boshlandi. Chunki turli davlatlarda o‘zbek adabiyoti, xususan, Navoiy ijodi bilan bog‘liq tadqiqotlar olib borayotgan olimlarning soni juda ko‘p. Toshkentdagi konferansga kelish istagida bo‘lgan, ammo ma’lum sabablar bilan qatnasha olmaganlar ham ancha. Shu bois 2023-yil “Alisher Navoiy va XXI asr” 8-uluslararo konferansiga Ozarboyjon mezbonlik qildi. Unda ko‘plab mahalliy turkologlar qatnashdi, yangi nomlar kashf etildi, O‘zbekiston va Ozarbayjonning yosh olimlari o‘zari tanishdi hamda ularning xalqaro miqyosda hamkorlik ishlariga bu konferans turtki berdi. Ilk tajriba ijobiy samara bergach, 2024-yilda ushbu nufuzli anjuman Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida o‘tkazilishi belgilandi. 
2024-yilning 8-fevral kuni Bursa Uludag‘ universitetida “Alisher Navoiy va XXI asr” 9-uluslararo konferansi bo‘lib o‘tdi. Konferans avvalida Turkiyaning Bursa Uludag‘ universitetida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 
Konferansda TURKSOY vakillari, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori, akademik Sh.Sirojiddinov, Bursa Uludag‘ universiteti rektori F.Yilmaz, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, Turkiya hukumati vakillari, B.Peri (Vengriya), F.Rahimi (Eron), B.Bayram (Qozog‘iston), V. Turk (Turkiya), N. Shodmonov (O‘zbekiston) singari atoqli olimlar ishtirok etishdi.

  

Konferans yalpi majlisi mobaynida O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning rivojiga qo‘shgan hissasi, o‘zbek va turk xalqlari madaniyatlarini yaqinlashtirishdagi ibratli xizmatlarini e’tirof etib Gunay Qut, Sema Barutju O‘zonder, Hadicha Toren, Ayshehan Deniz, Zuhal O’lmez, Fonda Tuprak, Tanju Seyhan, O‘nal Kaya, O‘sman Masten, Benedik Peri, Bulent Bayram, Fatma Achik singari bir guruh xorijlik olimlarga ToshDO‘TAUning  “Alisher Navoiy” medali  topshirildi. Ahmet Akalin, Jelile Eren O‘kten, Jem Kurshad Hasanog‘lu, Feridun Yilmaz singari olimlarga esa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “faxriy do‘sti” diplomlari berildi. 

  

Anjumanda Alisher Navoiy adabiy merosining jahon tamaddunida tutgan o‘rni, shoir asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi, Alisher Navoiy adabiy merosi va matnshunoslik masalalari, ta’lim tizimida Navoiy asarlarini o‘qitish muammolari kabi qator yo‘nalishlarda ma'ruzalar tinglandi. 
Anjuman ishtirokchilari o‘zbek-turk navoiyshunoslarining hamkorligi yanada mustahkam bo‘lishi va Navoiy ijodi targ‘iboti bo‘yicha birgalikda xizmat qilishga kelishib oldilar.