
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAUda “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” tadbirlari bo‘lib o‘tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida BMT Bosh Assambleyasining 1999-yil 17-dekabrdagi rezolyutsiyasiga binoan nishonlanadigan Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni munosabati bilan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hamda jamiyatda adolatli va teng huquqli muhitni targ‘ib qilishga qaratilgan qator ma’rifiy va amaliy uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlar davomida 2014-yilda BMT Bosh kotibi tomonidan e’lon qilingan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarni bartaraf etishga qaratilgan “UNiTE” tashabbusi haqida keng ma’lumot berildi. Shu tashabbusning muhim maqsadlari, jumladan, zo‘ravonlikka barham berish uchun global hamkorlik va harakatlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar orasida zo‘ravonlikka qarshi kurashning ahamiyati haqida fikr almashildi va yosh avlodda mas’uliyatni oshirishga xizmat qiluvchi turli ijodiy ishlar – insholar, videoroliklar va sahna ko‘rinishlari taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ushbu tadbirlar jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni kamaytirish va bunday muammolarga qarshi jamoaviy kurashni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.