
“Ziyolilar forumi” mavzusida adabiy-ma’rifiy uchrashuv
5-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Ziyolilar forumi” mavzusida adabiy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti hamda “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv universitetimizda yo‘lga qo‘yilgan ma’naviy-ma’rifiy an’analardan biri bo‘lib, tarixiy merosimiz, bugungi taraqqiyotimiz va kelajak maqsadlarimizni uyg‘unlashtirishga xizmat qildi.
Tadbirda “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi dotsenti Vahobjon Sattorov hamda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti dotsenti Salimboy Boltaboyev so‘zga chiqib, 1-kurs talabalariga talabalikning ahamiyati, o‘quv jarayonidagi mas’uliyat va vazifalar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, ular ilmga chanqoqlik, ma’naviy yuksalish va do‘stona muhitning har bir talaba hayotidagi o‘rni borasida o‘z fikrlarini bildirishdi.
“Ziyolilar forumi” talaba yoshlar qalbida bilim olishga intilish, mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik kabi yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir ishtirokchilari mazmunli uchrashuvdan chuqur taassurot olib, bunday ma’naviy-ma’rifiy an’analar kelgusida ham izchil davom etishiga ishonch bildirishdi.