
“Ziyolilar bogʻi” barpo etildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus atrof-muhitni asrash, ekologik muvozanatni mustahkamlash va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida amalga oshirildi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan ochilish marosimini kuzatib, ekologik barqarorlik va tabiatni muhofaza qilish borasida bildirilgan fikrlarni tingladilar.
Shundan so‘ng universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-yoshlar belgilangan hududlarda ko‘chat ekish ishlarini amalga oshirdi. Tadbir doirasida 300 tupdan ziyod pavloniya va buta ko‘chatlari ekilib, “Ziyolilar bog‘i” tashkil etildi. Yangi bog‘ universitet hududining yanada ko‘rkam va ekologik jihatdan qulay bo‘lishiga xizmat qiladi.
“Yashil makon” loyihasi doirasidagi bu kabi tashabbuslar nafaqat atrof-muhitni obodonlashtirish, balki yosh avlodda ekologik madaniyatni shakllantirishga ham katta hissa qo‘shadi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi ushbu harakatni izchil davom ettirishga tayyor.