
Zamonaviy tilshunoslik muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-metodologik seminar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida doktorant va tadqiqotchilar uchun an’anaviy ilmiy-metodologik seminarlar davom etmoqda. Navbatdagi seminar “Lisoniy deviatsiyalar va tillardagi faol ilgari surish jarayonlari” mavzusiga bag‘ishlandi. Mazkur seminarda filologiya fanlari doktori, professor Nursultan Djusupov ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
Seminar doirasida tilshunoslikdagi zamonaviy yo‘nalishlar, xususan, lisoniy deviatsiyalar fenomeni, ularning lingvistik tabiati, turli tillarda namoyon bo‘lish shakllari hamda tillardagi faol ilgari surish jarayonlari keng muhokama qilindi.
Tadbirning asosiy maqsadi – diskursiv va kognitiv tadqiqotlarga doir yangi nazariyalar hamda tamoyillarni ilmiy amaliyotga joriy etish, izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarga metodologik jihatdan ko‘mak berish, ularni zamonaviy tilshunoslik paradigmasi bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida til o‘zgaruvchanligi, innovatsion birliklarning paydo bo‘lishi, nutqiy normalar va ularning buzilishi, lisoniy sistemadagi ijtimoiy va funksional omillar haqida ilmiy tahlillar o‘rta tashlandi. Ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z savollarini yo‘llab, bahs-munozaralarda faol qatnashdilar.
Tadbirni ToshDO‘TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova boshqarib bordi. U seminarlarning muntazam tashkil etilishi doktorantlar va yosh olimlar faoliyatida yuqori ilmiy natijalarga erishishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ushbu seminar tilshunoslikning dolzarb masalalariga doir ilmiy yondashuvlarni chuqurroq anglash, metodologik bilimlarni boyitish va amaliy tajriba almashish uchun muhim ilmiy platforma bo‘lib xizmat qildi. Tadqiqotchilar va doktorantlar uchun bu kabi uchrashuvlar zamonaviy ilm-fan bilan hamqadam bo‘lish imkonini beradi.
Seminar bo‘yicha batafsil ma’lumot olish uchun ToshDO‘TAU ilmiy bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.