
Zamonaviy dunyoda sotsiologiya va amaliy psixologiya muammolari
2025-yil 7-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Zamonaviy dunyoda sotsiologiya va amaliy psixologiya muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiya bugungi davrning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan sotsiologiya va amaliy psixologiya sohalarining nazariy va amaliy muammolarini atroflicha muhokama qilish, soha vakillari o‘rtasida ilmiy almashinuvni kuchaytirish hamda yangi ilmiy yondashuvlarni ilgari surish maqsadida tashkil etildi. Zero, ijtimoiy davlat barpo etishda ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Anjuman doirasida nafaqat O‘zbekistonning yetuk sotsiolog va psixolog olimlari, balki Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon hamda Rossiya Federatsiyasidan taniqli tadqiqotchilar va sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar ishtirok etdilar. Bu yilgi konferensiyaning ko‘lami va mavzular doirasi avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada kengaydi.
Anjuman universitetning Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etilib kelmoqda. Unda vorislik masalasiga, ya’ni keyingi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash, yosh tadqiqotchilarni ilm-fan maydoniga faol jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur xalqaro konferensiya yoshlarning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularda tadqiqot olib borish ko‘nikmasini shakllantirish, shuningdek, ularni xalqaro ilmiy jamoatchilik bilan samarali integratsiyalashuviga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida xizmat qildi. Jumladan, universitet talabalari va magistrantlari o‘z ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etib, mazmunli ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.