Yangiliklar

img
Thu, 05/02/2024 - 12:46

Zamonaviy dunyoda sotsiologiya va amaliy psixologiya muammolari

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi tashabbusi bilan  2024-yil 1-may kuni  "Zamonaviy dunyoda sotsiologiya va amaliy psixologiya muammolari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi tashkil etildi.
Mazkur konferensiya hozirgi davrning eng muhim sohalariga, ya’ni sotsiologiya va amaliy psixologiya masalalariga qaratilganligi bejiz emas. Zotan ijtimoiy hayotni, kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni, qolaversa mamlakatlar hamda mintaqalar o‘rtasidagi  muloqotni tashkil etishda mazkur sohalarning o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Sotsiologiya butun jamiyat hayoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan juda keng ko‘lamli muammolarni hal qilishga yordam beradi. Bular hayot sifatini yaxshilash, ijtimoiy tenglikni rivojlantirish, demokratiya qadriyatlarini mustahkamlash, ijtimoiy muammolar, madaniy hayot va siyosiy  masalalari va boshqalarni qamrab oladi. Amaliy psixologiya esa zamonaviy jamiyatning ko‘plab sohalarida, xususan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, sport, yuridik va boshqa sohalarda paydo bo‘layotgan psixologik muammolar yechimlariga diqqatini qaratadi. 
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yilda xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnikaviy tadbirlar rejasiga muvofiq hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti akademik E.A.Buketov nomidagi Qarag‘anda universiteti, Semey shahridagi Shakarim nomidagi universiteti, Sankt-Peterburg davlat texnologiya instituti (texnika universiteti), Turkiyaning Karabuk universiteti, Mongoliya milliy universiteti huzuridagi Turkologik tadqiqotlar instituti va boshqa milliy va xorijiy universitetlar hamda ilmiy tatqiqot markazlari hamkorligida tashkil etildi. 

 

Ilmiy anjumandan ko‘zlangan maqsad sotsiologiya va amaliy psixologiya yo’nalishlarida dunyo olimlari tajribasini o‘rganish va ommalashtirish shu sohalarda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash samaradorligini yanada oshirish, olimlar, magistrantlar, doktorantlar va talabalarning ilmiy, ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-ijodiy hamkorlikni kengaytirishdan iboratdir.