
Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni
Zahiriddin Muhammad Bobur jahon tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan hukmdorlardan biridir. U o’zining badiiy ahamiyati yuksak memuarlari tufayli jahon adabiyoti tarixida eng yuqori pog‘onalardan joy olgan. Joriy yilning 25-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni” mavzusida uluslararo ilmiy-nazariy konferensiyasi tashkil etildi.
Jahon ilm-fani taraqqiyotida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining o‘rni va ahamiyati katta. Xususan, “Boburnoma” XVI asrgacha bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tushunchalarni qamrab olgan, barcha sohalarda qimmatli ma’lumotlar beruvchi, o‘zbek xalqining jahondagi boshqa millatlar bilan adabiy-madaniy aloqalari tarixini yoritishga xizmat qiladigan noyob manbadir. Dunyoning o‘ttizga yaqin tiliga tarjima qilinishi asarning teran mazmuni, ta’sirchan uslubi hamda ensiklopedik xarakteri bilan belgilanadi. Xususan, Yevropaga “Boburnoma” XVIII asr boshlarida kirib borgan. 1705-yilda ilk bor golland tiliga asardan parchalar tarjima qilinadi va shu orqali “Boburnoma” yevropaliklar orasida mashhur bo‘ladi. Keyinchalik ingliz tiliga 3 marta, nemis tiliga 4 marta, fransuz tiliga 3 marta tarjima qilinganligi ham asarning jahoniy shuhratidan dalolat beradi. Biz buyuk ajdodimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
Bugungi ilmiy anjumanda ham Bobur hayoti va ijodi, uning dunyo tarixidagi o'rniga bag'ishlangan qiziqarli ma'ruzalar tinglandi. Konferensiya yalpi majlisida Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i Mirzo Kenjabek, Panjob universiteti professori Rukhsana Iftihar, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, “O‘zbekiston tarixi” telekanali direktori Shuhrat Hayitov, turkiyalik professor Tanju Seyhan va boshqa ko'plab olim va ijodkorlar ma'ruza qildilar.