
“Yuz daqiqa” tanlovi: bilim, tafakkur va tahlil bellashuvi
2024-yil 10-aprel kuni “Noshirlik ishi” yoʻnalishi birinchi va ikkinchi bosqich talabalari oʻrtasida “Yuz daqiqa” nomli bilimlar bellashuvi boʻlib oʻtdi. Tanlov fakultet oʻqituvchisi Uldona Abdurahmonova rahbarligida tashkil etilib, talabalar oʻzlarining kasbiy va nazariy bilimlarini amalda namoyish etish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Mazkur tanlov “Zamonaviy matnshunoslik asoslari”, “Tahrir nazariyasi va texnikasi”, “Oʻzbekistonda bosma OAV tizimi va tili” hamda “Intellektual va maʼnaviy tarbiya asoslari” kabi fanlar doirasida olib borilib, talabalar chuqur nazariy bilimlari, tahliliy tafakkuri va matnga ishlov berish koʻnikmalari boʻyicha sinovdan oʻtkazildi.
Tadbirda hakamlik vazifasini filologiya fanlari doktori, professor S. Muhamedova, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent B. Elov hamda filologiya fanlari doktori, professor vazifasini bajaruvchi Sh. Hamroyeva bajarishdi. Ular ishtirokchilarning tayyorgarlik darajasi, savollarga yondashuvi, fikrning mantiqiyligi va ijodiy yondashuvini baholadilar.
Tanlov natijalariga koʻra, “Mushtariy” guruhi faxrli uchinchi oʻrinni, “Badiiyat bahori” guruhi ikkinchi oʻrinni, “Kuchli uchlik” guruhi esa birinchi oʻrinni egalladi. Gʻolib va faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar va mehmonlar uchun bahoriy ruhda bezatilgan dasturxon yozildi. Iliq va samimiy muhitda oʻtgan bellashuv yigʻilganlarda chuqur taassurot qoldirdi hamda talabalar uchun nafaqat bilim sinovi, balki maʼnaviy-madaniy tajriba maktabiga aylandi.