
Yozuvchi ijod laboratoriyasi bilan tanishuv
Talabalarning darsdan bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular tanlagan sohalar bo'yicha yuqori marralarni egallagan mutaxassislar, ijodkorlar ishtirokida turli tadbirlarni muntazam o'tkazish zarur. Har bir talaba o'zi tanlagan yo'nalishda yaxshi mutaxassis bo'lishi uchun uning dunyoqarashi, fikrlash tarzi va bilimlari keng bo'lishi shart. Shu maqsadda joriy yilning 6-noyabr kuni Ona tili va adabiyot ta'limi fakulteti talabalari bilan atoqli adib Nazar Eshonqulning ijodiy uchrashuvi tashkil etildi. Zamonaviy o'zbek nasrining yetuk namoyondasi Nazar Eshonqulning ijod laboratoriyasi bilan yaqindan tanishish talabalarda o'zgacha taassurot qoldirdi.
Nasrimizning oʻtgan asr 80–90-yillardagi yanglanishi odatiy anʼanaviy yoʻldan birmuncha oʻzgacharoq kechdi, XIX asr oxiri — XXasr boshlarida Gʻarbda paydo boʻlgan adabiy oqimga oʻxshash sifatlar paydo boʻldi. Shu oʻrinda yozuvchi Nazar Eshonqul oʻzbek nasriga, ayniqsa, hikoyachiligiga oʻzgacha ovoz va ruh olib kirdi. U mana shu janrni Sharq va Gʻarb adabiyoti anʼanalari bilan uygʻunlashtirayotgan adiblar qatoridan joy olgan.