
Yozgi ijod markazlari faoliyatidan
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professor-oʻqituvchilari hamda faol talabalaridan iborat ijodiy guruh “Dolzarb 90 kun” tashabbuslari doirasida Olmazor tumanidagi 46-maktabda tashkil etilgan yozgi ijod markazida boʻlishdi.
Dastur davomida adabiyot, she’riyat, tasviriy san’at va ijodiy oʻqish mashgʻulotlari tashkil etildi. Yosh qalamkashlar oʻz she’rlari va nasriy asarlarini taqdim etishdi, rassomlikka qiziquvchi oʻquvchilar esa suratlari va ijodiy ishlari bilan oʻrtoqlashishdi. Universitet talabalari ham oʻz ijod namunalarini oʻqib eshittirib, she’rxonlik muhitini yanada boyitdilar.
Uchrashuv jarayonida ustozlar yoshlarga ijodiy izlanishlarda qat’iyatli boʻlish, oʻz iste’dodini rivojlantirish, adabiyot va san’at orqali milliy qadriyatlarni asrab-avaylash borasida maslahatlar berdilar. Suhbat yakunida yoshlar oʻz savollarini berib, ustozlardan foydali javoblar olishdi.
Mazkur tadbir yoshlarda ijodga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish, ularni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va adabiyot hamda san’at olamiga kengroq yoʻnaltirishga xizmat qildi.