
Yoshlarning ijodiy izlanishlari samarasi
Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish maqsadida qator tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan respublika miqyosidagi turli tanlovlar ham bunga yaqqol misoldir.
Jumladan, “Ilmiy-ommabop gazeta va jurnallarda e’lon qilingan eng yaxshi material”, “Eng yaxshi esselar” tanlovlari hamda kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan “Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn tanlovlari talaba-yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu bellashuvlar ularning bilim, ijodkorlik va erkin fikrlash ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Quvonarli jihati shundaki, aynan “Ilmiy-ommabop gazeta va jurnallarda e’lon qilingan eng yaxshi material” tanlovida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 1-bosqich tayanch doktoranti Zuhra Isroilova faol ishtiroki va ijodiy qarashlari bilan ajralib chiqib, faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
Bu yutuq nafaqat talabaning shaxsiy izlanishlari va mehnati samarasidir, balki yoshlarning ilm-fan va ijod sohasidagi salohiyati munosib e’tirof etilayotganining yorqin ifodasidir.
Tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi joriy yilning 3-oktabr kuni tantanali tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda yoshlarning ijodiy yutuqlari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi.
Shubhasiz, bunday muvaffaqiyatlar yoshlarni yangi izlanishlarga ruhlantiradi va ularga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.