“Yoshlar nigohida Turkiya: til va madaniyat uyg‘unligi” mavzusida madaniy–ijodiy tadbir bo‘lib o‘tdi
12-dekabr kuni universitetimizning O‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari ishtirokida “Yoshlar nigohida Turkiya: til va madaniyat uyg‘unligi” mavzusida madaniy–ijodiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori G. Jo‘rayeva ochib berib, yoshlarning xorijiy madaniyatlarni o‘rganishdagi faolligi va bunday tadbirlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida talabalar Turkiya madaniy merosiga oid sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar, qo‘shiqlar, she’r-u hikmatlar hamda qiziqarli taqdimotlar namoyish etib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashdilar. Ushbu chiqishlar orqali Turkiya xalqining boy madaniyati, tili va urf-odatlari yorqin tarzda aks ettirildi.
Mazkur tadbir nafaqat ko‘ngilochar, balki ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ham ega bo‘lib, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy va madaniy yaqinlikni yanada chuqurroq anglashga xizmat qildi. Tadbirda Yunus Emre universitetining Turkiya madaniyat markazi koordinatori Ahmet O‘zkan ham ishtirok etib, nutq so‘zladi va tadbir tashkilotchilari hamda ishtirokchi talabalarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbir so‘ngida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri M. Asadov tadbirda faol ishtirok etgan talabalarni badiiy va ilmiy kitoblar bilan taqdirlab, ularga kelgusidagi o‘qish va ijodiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.


