Yosh tarjimonlar bellashuvi bo'lib o'tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ijodiy bellashuv bo‘lajak tarjimonlar tayyorlash jarayonida amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ta’limiy platformaga aylandi. Globallashuv tobora jadallashayotgan hozirgi davrda madaniyatlararo muloqotga ko‘prik bo‘ladigan professionallarga ehtiyoj kuchayib borayotgani bois, kafedra tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan bunday tashabbuslarning ahamiyati yanada ortmoqda. Ushbu tadbir ham yosh tarjimonlarning nazariy bilimlarini amaliy vazifalar orqali sinovdan o‘tkazib, ularni kasbga yanada yaqinlashtirdi.
Bellashuvda 301-guruh “Tilchilar”, 302-guruh “Adabiyotshunoslar” va 303-guruh “Tarjimonlar” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Musobaqa uch shartdan iborat bo‘lib, har bir shart talabalar tafakkuri, til sezgirligi, badiiy va nazariy bilim darajasini aniqlashga xizmat qildi.
Birinchi shart maqola taqdimoti bo‘ldi. Unda ishtirokchilar adabiyot, tilshunoslik va tarjima masalalariga oid ilmiy maqolani istalgan tilda sharhlab, ilmiy tahlil madaniyatini, nutq ustida ishlash mahoratini va mustaqil fikr yuritish qobiliyatini namoyon etdilar. Taqdimotlar mavzuga chuqur kirib borish, muallif g‘oyasini anglay olish va ilmiy asos keltira bilish kabi mezonlar asosida baholandi.
Ikkinchi shartda jamoalarga o‘zbek kinofilmlaridan parchalarni ingliz tilida ovozlashtirish vazifasi berildi. 301-guruh “Suyunchi” filmi, 302-guruh “Kelinlar qo‘zg‘aloni” filmi, 303-guruh esa “Mahallada duv duv gap” filmidan olingan sahnalarni ovozlab berdi. Bu vazifa talabalarni audiovizual tarjima jarayoniga yanada chuqurroq olib kirdi. Ovoz, intonatsiya, sahna kayfiyati, dialoglar ohangi va madaniy moslik kabi nozik jihatlarni uyg‘unlashtirish yosh tarjimonlardan katta mas’uliyat talab qildi.

Uchinchi shartda ishtirokchilar Normurod Norqobilning “Ayriliq quvonchi” hikoyasini ingliz tiliga tarjima qildilar. Badiiy matn tarjimasi talabalarning estetik sezgisi, matn ruhini anglashi va muallif uslubini boshqa tilga o‘tkazish mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Hikoyadagi obrazlar dinamikasini, hissiyati va ma’no qatlamlarini saqlagan holda tarjima qilish bu bosqichning asosiy talablaridan edi.
Tadbir yakunida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Mahmadiyor Asadov so‘zga chiqdi. U bellashuvning universitet tarjimashunoslik maktabini mustahkamlashdagi o‘rni, yosh tarjimonlar avlodining kasbiy shakllanishiga qo‘shayotgan hissasi va talabalarda mustaqil fikrlashni rivojlantirishdagi samaradorligi haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday amaliy maydonlar bo‘lajak tarjimonlarning xalqaro me’yorlarga mos tajriba to‘plashida, madaniyatlararo muloqotga tayyor bo‘lib yetishishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Hakamlar hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra, 302-guruh birinchi o‘rinni egalladi. 303-guruh ikkinchi o‘ringa, 301-guruh esa uchinchi o‘ringa loyiq topildi. G‘olib jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

