
Yosh psixologlar uchun amaliy tajriba
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining psixologi Nozima G'iyasova boshchiligida Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti Psixologiya yo'nalishining ikkinchi kurs talabalari U.K. Qurbonova nomidagi Respublika bolalar psixonevrologik markaziga ekskursiya uyushtirdilar. Ushbu tashrifning maqsadi – talabalarni ijtimoiy-psixologik yordamga muhtoj bolalar bilan ishlash usullarini amalda ko‘rsatish va nazariy bilimlarni real hayotiy tajribalar bilan boyitish edi.
Ekskursiya davomida talabalar autizm va rivojlanishida turli darajadagi cheklovlarga ega bo‘lgan bolalar bilan ishlashning muhim jihatlarini o‘rgandilar. Ular markaz xodimlari tomonidan autizm spektri buzilishiga ega bolalar bilan ishlashda qo‘llaniladigan o‘qitish va tarbiyalash usullari, individual psixologik yordam ko‘rsatish yondashuvlari hamda bolalarni reabilitatsiya qilish jarayonlarini kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi. Bunda talabalar maxsus terapiya usullari – ABA (Applied Behavior Analysis), sensor integratsiyasi terapiyasi, shuningdek, o‘yinga asoslangan davolash texnikalari haqida batafsil tushuncha olishdi.
Ushbu amaliy tajriba talabalar uchun qimmatli nazariy bilimlarni to‘ldiruvchi tajriba bo‘lib xizmat qildi. Masalan, rivojlanishida orqada qolayotgan bolalar bilan ishlashda maxsus pedagogika va klinik psixologiyaga oid bilimlar kerakligi, shuningdek, ushbu sohadagi muloqot madaniyati va empatiya qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Talabalar bolalar va ularning oila a'zolariga ko'rsatiladigan psixologik yordamning qiyin, ammo zaruriy ekanligini angladilar. Ekskursiya davomida yosh mutaxassislarimiz qiyin sharoitlarda qanday qilib bolalarning ruhiy sog‘ligini saqlash, ularga o‘zlarini anglash va jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga yordam berish usullari haqida amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
Bu ekskursiya bo‘lajak yosh psixologlarni o‘z kasblariga mas’uliyat bilan yondashish, o‘z ustida tinimsiz ishlash va bilimlarini boyitish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Tajribali mutaxassislar bilan o‘tkazilgan suhbatlar ularga bolalar psixologiyasining murakkab jihatlari va terapiya jarayonida duch kelinadigan sinovlar haqida chuqurroq tushuncha hosil qilish imkonini berdi. Shu tariqa, psixologik bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash orqali, talabalar kelajakda psixolog sifatida to‘laqonli kasbiy faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lib borishdi.