Yangiliklar

img
Thu, 01/16/2025 - 11:57

Yosh munaqqidlarning yosh ijodkor bilan uchrashuvi

2025-yil 15-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining "Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik" kafedrasi qoshidagi "Yosh munaqqid" klubida yozuvchi Xoliyor Safarov ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yozuvchining "Onamning yolg‘onlari" nomli hikoyalar to‘plami ustozlar va talabalar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.  
Tadbirni kafedra dotsenti, f.f.f.d. Komiljon Hamroyev ochib berdi. Uchrashuvda kafedra professor-o‘qituvchilari, jumladan f.f.f.d. Yulduz Ziyayeva, o‘qituvchilar Olmos Xurramov, Azamat Xayrullayev, Nodira Xudoynazarova, Malika Suyunova, shuningdek, adabiyotga oshno talabalar ishtirok etishdi.  
Dotsent Komiljon Hamroyev, Olmos Xurramov va Azamat Xayrullayev yozuvchi Xoliyor Safarovning "Onamning yolg‘onlari" kitobidagi hikoyalarning badiiy xususiyatlari, g‘oya va mazmunining o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil to‘xtalib, kitobni talabalar uchun qiziqarli va dolzarb adabiy manba sifatida taqdim etdilar.

  

Uchrashuvda yozuvchining yaqin do‘sti va hamkasbi B. Ibragimov ijodkorning hayoti, insoniy qiyofasi, samimiyati va birga o‘tgan xotiralari haqida iliq so‘zlar aytib o‘tdi. Tadbir davomida talabalar tomonidan berilgan ko‘plab savollarga yozuvchi o‘zi ijod jarayonlari, asarlarini yozishda ilhom olgan voqealar va obrazlarining prototiplari haqida hayotiy va qiziqarli misollar keltirgan holda javob berdi.

  

Tadbir davomida yozuvchi va ustozlar talabalarning savollariga birgalikda javob berishdi. Qizg‘in bahs-munozara shaklida o‘tgan uchrashuv barchada katta taassurot qoldirdi va adabiyotga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.  
Mazkur tadbir ijodiy uchrashuvlar va adabiy muhokamalarni qadrlaydigan yoshlar uchun ilhom manbai bo‘ldi.