
“Yosh munaqqid klubi”da jahon hikoyalari tarjimalariga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv
2025-yil 14-may kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Yosh munaqqid klubi”ning navbatdagi mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida jahon xalqlari adabiyotidan Italiya, Koreya, Turkiya va Lotin Amerikasi hikoyalarining tarjimalari taqdim etilib, ularning tahlili amalga oshirildi. Uchrashuvni professor Uzoq Jo‘roqulov olib bordi. Tarjima jarayoni, tarjimashunoslik tarixi, tarjimada uchraydigan muammolar hamda tarjimon mahorati kabi masalalar yuzasidan “Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari — filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Komiljon Hamroyev, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Yulduz Ziyayeva, katta o‘qituvchi Azamat Xayrullayev va o‘qituvchi Nodira Xudoynazarova o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Uchrashuvda shuningdek jahon hikoyalari tarjimasiga munosib hissa qo‘shgan loyiha muallifi va muharriri Raxshona Ahmedova, Turkiya hikoyalarining tarjimoni Nargiza Asadova hamda Koreya hikoyalarining tarjimoni Otabek Yo‘ldoshev ishtirok etib, tarjima kitoblarning yuzaga kelish jarayoni, tarjimonlik saboqlari hamda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Klub a’zolari esa tarjima hikoyalari haqida atroflicha fikr yuritib, o‘z mulohazalarini bildirishdi. Tadbir yakunida talabalar mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va batafsil javoblar olishdi.