
Yosh avlod tarbiyasiga barcha mas'ul
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti Olmazor tumanidagi taʼlim sifati va bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga kirish boʻyicha past ko'rsatkich qayd etgan 46-maktabni oʻz otaligʻiga oldi va maktabda taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqdi.
Universitetga biriktirilgan maktabning holati, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi hamda boshqa ta’lim va tarbiya ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Bitiruvchi sinf o‘quvchilaridan sinov testlar qabul qilindi. To‘plangan ma’lumot va ko‘rsatkichlar asosida, maktab rahbarlarining talab va tavsiyalari inobatga olinib, har bir maktab uchun “Universitet-maktab” hamkorlik dasturi yo'lga qo'yiladi. Universitet Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori G.Jo'rayeva boshchiligida mas'ullar bilan birgalikda maktabda bo'lib, o'qituvchilar jamoasi bilan uchrashdi.
Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi, deyilishi bejiz emas.
Davlatimiz rahbarining aytganidek, endi maktab ishi faqat mas'ul vazirlik yoki o‘qituvchilarning emas, har bir O‘zbekiston odamining dardu tashvishiga, quvonchu qayg‘usiga – umummillat yumushiga aylanmog‘i zarur. Biriktirilgan maktablarda o‘qitish sifatini yanada oshirish, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash haqida maktab rahbarlarining fikr va mulohazalari tinlandi. Mazkur maktablarga mos fakultet va kafedralar biriktirilib, universitetda fanlar kesimida o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ularga metodik yordam ko‘rsatish orqali malakasini oshirish, universitet professor-o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilari “Ustoz-shogird” tizimini joriy etish hamda yuqori natijaga erishgan maktab o‘qituvchilarini “Universitetning faxriy o‘qituvchisi” maqomiga ko‘tarish va moddiy rag‘batlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur maktabda universitet olimlari ishtirokida "Kafedralar soati" tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari universitet pedagogi Z.Jumanova tomonidan maktab pedagoglariga maxsus mahorat darsi o'tildi.