Yangiliklar

img
Fri, 12/31/2021 - 10:35

YIL SARHISOBI: Jahon adabiyoti va universal adabiyotshunoslik kafedrasi

2021-yil natijalari haqida kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Jo‘raqulov Uzoq Xaydarovich bunday deydi:
- “Jahon adabiyoti va universal adabiyotshunoslik” kafedrasi 2021-yil 6-sentyabrda O‘zbek filologiyasi fakulteti tarkibida mutaxassislik kafedrasi sifatida tashkil etilgan. Kafedrada 6 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat olib boradi. Shulardan 4 nafari ilmiy salohiyatga ega professor-oʻqituvchilar. Yosh oʻqituvchilar ham ustozlar ilmiy yutuqlariga havas qilib, maslahat va yo‘l-yo‘riqlariga amal qilgan holda ilmiy tadqiqot ishlarni muvaffaqiyatli davom ettirishmoqda. Birgina joriy oʻquv yilida kafedramiz aʼzolari tomonidan 3 ta monografiya tayyorlanib, chop etildi va ilmiy-tadqiqot ishlari uchun 4 ta mualliflik guvohnomalari olindi. Shuningdek, xorijiy jurnallarda 15 ga yaqin, mahalliy jurnallarda 20 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etildi. Kafedra professor-o‘qituvchilaridan 3 nafari dunyoning kuchli 500 va 1000 taligiga kiruvchi xorijiy OTMlarida maʼruzalar oʻqishdi. Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanidan o‘quv qo‘llanma, “Adabiyotshunoslik asoslari” fanidan uslubiy-qo‘llanmalari tayyorlanib, nashr etildi.
Kafedra qoshida “Yosh munaqqid klub”i faoliyat olib bormoqda. Ushbu klubda O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Suvon Meli hamda kafedra professor-o‘qituvchilari bilan  hamkorlikda tashkil etilgan. Shuningdek, klub faoliyatini yanada kengaytish, iqtidorli va salohiyatli yoshlarni ko‘proq qamrab olish maqsadida “Yosh munaqqid klub”i telegram kanali tashkil etilgan. Hozirgi kunda klubga 200 dan ortiq talaba faol qatnashib kelmoqda. Ular orasida turdosh OTM vakillari, OAV xodimlari ham talaygina.
Kafedrada maʼnaviy-maʼrifiy sohada ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jahon adabiyoti va universal adabiyotshunoslik kafedrasi boshchiligida shoir Axtamqulining “Ismingni yurakka yashirdim” kitobi taqdimoti, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Suvon Melining 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan ilmiy-adabiy anjuman tashkil etildi. 
Shuningdek, kafedramiz professor-o‘qituvchilari “Madaniyat va ma’rifat” TV da “Xamsaxonlik”, “El desa Navoiyni”, “Birgalikda o‘qiymiz” teleko‘rsatuvlari; O‘zbekiston radiokanalida “Bedorlik” radiodasturlari eshittirishlarida faol ishtirok etib kelishmoqda.
Shu oʻrinda alohida ta’kidlash lozimki, kafedramizning tashkil etilishi va oyoqqa turishida universitetimiz rektori prof. Sh. S. Sirojiddinov har jihatdan o‘z amaliy yordamlarini ayamay, ma’naviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab kelmoqdalar. Universitetda yaratilgan shart-sharoitlar hamda mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda, kafedramiz aʼzolari bilan hamjihatlikda ichki imkoniyat-salohiyatimizni chamalab ko‘rib, 2022-yildagi o‘quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy 

sohalardagi rejalarimizni ham amalga oshirish orqali universitetimiz nufuzini yanada yuksaltirishga oʻz hissamizni qoʻshishga ahd qilganmiz. Bu ezgu ishlarimiz borasida ham yuzimiz yorug’ bo‘lishiga  ishonaman.