
Yangi o'quv yilining ilk saboqlari
Joriy yilning 9-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan 2024/2025 o‘quv yilida birinchi kursga o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun “Birinchi kurs maktabi” (Orientation week) tadbirlarini yuqori saviyada va bayramona tashkil etish maqsadida talaba-yoshlarining ilk sabog‘i “Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz-birlashsak vatanmiz!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” bilan boshlandi.
Mustaqillik darsi davomida, respublikamizning istiqlol yillaridagi taraqqiyot yo‘li, mustaqillik bergan imkoniyatlarning ahamiyati hamda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy sohada erishilgan yutuqlar xususida so‘z bordi.
Qayd etish joizki, bugun yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, buzg‘unchi, yot g‘oya va mafkuralarga qarshi tura oladigan intellektual yetuk shaxs darajasiga ko‘tarish har qachongidan ham muhim va dolzarblik kasb etmoqda. Shunday pallada davlat rahbarining Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasini o‘rtaga tashlagani va uni millatimiz va davlatimiz uchun hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarayotgani ham aslida mana shunday ulug‘ maqsadlarni qamrab olgan.